Novosibirsk shahrida "Osiyo-Sibir" yangi ulgurji savdo markazining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi.
Mazkur tadbirda Surxondaryo, Namangan, Farg'ona, Andijon viloyatlari hokimliklari va O'zbekiston Qishloq xo'jaligi vazirligi huzuridagi O'simliklar karantini va himoyasi agentligi hududiy bo'limlari vakillaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etdi.
Ta'kidlash kerakki, maydoni 128 gektardan ortiq bo'lgan yirik majmua hududida oziq-ovqat bozori, meva-sabzavot kichik ulgurji savdo shoxobchalari, go'sht va sut mahsulotlarini saqlash, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qabul qilish va qayta ishlash, ulgurji yuk avtomashinalari uchun to'xtash joylari va boshqa muhim obyektlar qurilgan. Yaqin kelajakda esa mehmonxonalar, avtomobillar to'xtash joylari, issiqxonalar barpo etilishi ko'zda tutilgan.
O'zbekiston bosh konsuli Aslam Akbarov ushbu savdo majmuasi butun Sibir federal okrugi uchun muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidladi. Bu yerda nafaqat yil davomida O'zbekistondan turli qishloq xo'jaligi mahsulotlari savdosi amalga oshiriladi, balki zamonaviy ko'rgazma zallari ham ochiladi, mamlakatimizning sanoat, qishloq xo'jaligi, savdo kooperatsiyasi va boshqa sohalardagi yutuqlari namoyish etiladi.
Markaz direktor Muzaffar Rahimov majmua kuniga 400 tagacha yuk avtomashinalarini qabul qilish imkoniyati yaratilishini bildirdi. Bu yerda asosan O'zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo'jaligi mahsulotlarining ulgurji savdosi amalga oshiriladi. "Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari, shuningdek, Eron va Xitoydan yetkazib beruvchilar bilan ham hamkorlik qilishga tayyormiz. Savdo markazida tadbirkorlar va xaridorlar uchun yaratilgan barcha sharoitlar jahon talab va standartlariga javob beradi", – dedi u.
Taqdimot marosimi ishtirokchilari O'zbekiston hududlari va Novosibirsk viloyati o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishning butun jarayoni uchun ushbu obyektning alohida ahamiyati, savdo hajmi ko'rsatkichlarning o'sishida muhim rol o'ynashini ta'kidladilar.
O'zbekiston delegatsiyasi a'zolari va diplomatlar ushbu savdo markaz hududida ish faoliyatini boshlagan yurtdoshlarimiz bilan ham muloqot qildilar.
Alpha version: 0.9.1.19 build 30123 | Инструменты