Pokiston poytaxtida "Food Fest Uzbekistan – 2025" milliy oziq-ovqat mahsulotlari ko'rgazmasining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi.
Ko'rgazma O'zbekistonning Pokistondagi elchixonasi tomonidan O'simliklar karantini va himoyasi agentligi bilan hamkorlikda Islomobod shahrining eng yirik "Centaurus Mall" savdo markazida tashkil etildi.
Tantanali ochilish marosimida Pokiston savdo vazirligi rahbariyati, Islomobod, Ravalpindi va Chakval savdo-sanoat palatalari, Islomobodda akkreditatsiyadan o'tgan diplomatik korpus, jumladan Markaziy Osiyo mamlakatlari, Rossiya, Belarus, Turkiya, Ozarbayjon, Portugaliya, Shri-Lanka, Yaman, Indoneziya va boshqa davlatlar elchilari, mezbon mamlakatning yirik tadbirkorlari, OAV vakillari va blogerlar, hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbir avvalida O'zbekiston va Pokiston davlat madhiyalari yangradi.
Shundan so'ng O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev kirish nutqi bilan tadbirni ochib berdi. Elchi Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning joriy yil 25-26-fevral kunlari yurtimizga amalga oshirgan tashrifi, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan oliy darajali muloqoti, ikki davlat rahbarlari darajasida tuzilgan Strategik sheriklik kengashi, imzolangan bitim va memorandumlar o'zaro munosabatlarni barcha sohalarda yangi bosqichga olib chiqqani to'g'risida ma'lumot berdi.
Diplomatik vakolatxona rahbari, shuningdek, ikki davlat yetakchilari tomonidan iqtisodiy diplomatiya o'zaro munosabatlarning asosiy yo'nalishi bo'lishi, savdo aylanmasi hajmini 2 milliard dollarga yetkazish to'g'risida kelishuvga erishilganini ta'kidladi.
"Bugungi o'zbek oziq-ovqat mahsulotlari ko'rgazmasi yaqinda bo'lib o'tgan oliy darajali tashrifdan so'ng yangicha ruhda tashkil etilayotgan ilk tadbir hisoblanadi. 2025-2026-yilga mo'ljallangan tadbirlar rejasiga bir-birini to'ldiruvchi milliy iqtisodiyotlarimiz to'g'risida o'zaro xabardorlikni oshirish maqsadida qator tadbirlar kiritilgan", O'zbekiston rasmiy vakili.
Ko'rgazmaning ochilish marosimida, shuningdek, Islomobod Savdo-sanoat palatasi prezidenti Nasir Qureyshi, "Centaurus Mall" savdo markazi rahbari Sardar Ilyas, diplomatik korpus duayeni – Turkmaniston elchisi Atajan Mavlomov so'zga chiqib, mazkur tadbir o'zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, ikki davlat rahbarlari tomonidan erishilgan kelishuvlarni hayotga to'liq tadbiq etishga xizmat qilishi ta'kidladilar.
Tadbirda 25 ta o'zbekistonlik oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilar – "Ro'zmetov", "Sladus", "VIKO", "SQ", "Paradise", "Ermak", "Natural Juice" va boshqalar o'z mahsulotlarini namoyish etmoqda. Birinchi kuni ko'rgazmaga tashrif buyurganlarning soni 60 ming kishidan oshdi.
Uch kun davom etadigan ko'rgazma doirasida O'zbekiston tadbirkorlarning Pokiston O'simliklar himoyasi departamenti, Islomobod va Ravalpindi savdo-sanoat palatalari rahbariyati va a'zolari, "Centaurus Mall" savdo markazi, "Islamabad Cash & Carry", "Metro", "Punjab Cash & Carry", "Save Mart", "Hatim" va boshqa ulgurji hamda chakana savdo tarmoqlari rahbarlari bilan uchrashuvlari rejalashtirilgan.
Nasir Qureyshi, Islomobod Savdo-sanoat palatasi prezidenti:
– Bugungi ko'rgazma pokistonlik tadbirkorlar va keng jamoatchilikni O'zbekistonning boy oziq-ovqat sanoati va qishloq xo'jaligi mahsulotlari, milliy taomlari bilan yaqindan tanishtiradi. Mazkur yo'nalishdagi yangi hamkorlik loyihalari, savdo shartnomalari uchun zamin yaratadi.
Sardar Ilyas, "Centaurus Mall" savdo markazi rahbari:
– Ushbu ko'rgazma mohiyati va mazmuniy ko'lami bo'yicha ulkan natijalar beradi. Bu nafaqat iqtisodiy ahamiyatga ega, balki do'st mamlakatlarimiz, Markaziy va Janubiy Osiyodagi siyosiy, ijtimoiy va mintaqaviy bog'liqlik jarayonlariga ham ijobiy ta'sir qiladi. Kelgusida ham savdo markazimiz hududida ushbu turdagi tadbirlarni mamnuniyat bilan tashkil etishga tayyorligimizni bildiraman.
Atajan Mavlomov, Turkmaniston elchisi, Islomoboddagi diplomatik korpus duayeni:
– Barcha tashkilotchilarni Islomobod shahridagi diplomatik korpus nomidan bugungi ajoyib tadbir bilan tabriklayman. Bunday ko'rgazmalarning tashkil etilishi Markaziy Osiyo mamlakatlari va Pokiston o'rtasidagi aloqalarni yanada chuqurlashtirish, xalq diplomatiyasini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31600 | Инструменты