Huawei 1
Qashqadaryoda sudya yordamchisi o‘zini ishdan bo‘shatgan sud raisi ustidan shu sudga daʼvo kiritdi

Mirjahon Davronqulov fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudida 2023-yil 3-apreldan sudya yordamchisi, 2024-yil 13-maydan devonxona mudiri vazifasida ishlab kelgan. 2024-yilning 6-sentyabr kuni sud raisi Ural Neʼmatillayevning buyrug‘i asosida Mehnat kodeksining 161-moddasi 2-qismi 5-bandiga muvofiq u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Buyruqda xodim uzrli sabablarsiz to‘liq ish kunida ishda bo‘lmagani ko‘rsatilgan.

Sud xodimi o‘zini nohaq ishdan bo‘shatilgan va huquqlari buzilgan deb hisoblamoqda. Shu sababli u o‘zi ishlagan sud ustidan shu sudning o‘ziga daʼvo kiritgan.

Sud raisi Ural Neʼmatillayevning o‘ziga yozilgan daʼvo arizasida Neʼmatillayev xodimga bosim qilgani keltiriladi.

“Ish beruvchi tomonidan biror marotaba ham intizomiy javobgarlikka tortilmaganman. Javobgar – fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudi raisi U.Neʼmatillayev menga bosim qilib, ishdan bo‘shash haqida ariza yozasan, deb qo‘ymadi. Ariza yozib bermaganim uchun 2024-yil 19 va 20-avgust kunlari ishga chiqmagan, deb Qashqadaryo viloyat sudi Kasaba uyushmasi qo‘mitasiga taqdimnoma kiritdi.

Men 202- yil 19-avgust kuni ishga to‘liq borib “Adolat” axborot tizimlar kompleksiga 213 ta, 20 avgust kuni esa 228 ta ariza va daʼvo arizalari kirim qilganman.

2024-yil 5-sentyabr kuni sud raisiga menga mehnat taʼtili berish haqida ariza taqdim qildim. Ushbu arizam kirim bo‘lib, raisga chiqarilgan bo‘lsa-da, sud raisi menga mehnat taʼtili bermasdan noqonuniy ravishda ishdan bo‘shatib yubordi”, deyiladi daʼvo arizasida.

Mirjahon Davronqulov o‘zining noqonuniy ishdan bo‘shatilganlik holatiga bir nechta huquqiy asoslar keltirgan. Jumladan, Mehnat kodeksining 163-moddasi 1-qismi 3-bandida “xodimning vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrlarida, u mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan taʼtillarda bo‘lgan davrlarda” ishdan bo‘shatish taqiqlanishini, kodeksning 165-moddasi talabiga ko‘ra ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilish yuzasidan oldindan ogohlantirmaganini bildirgan.

Sud xodimi daʼvo arizasida javobgarning uni ishdan bo‘shatish haqidagi buyrug‘ini bekor qilib, ishga tiklashni, majburiy progul uchun ish haqlarini hamda maʼnaviy zarar uchun 50 mln so‘m tovon puli undirib berishni so‘ragan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101813 | Инструменты