Huawei 1
Qatar madaniyat vaziri o‘zbek mutafakkirlari haqida hamkorlikda kitob-albom chop etish taklifini bildirdi

Kuni kecha Qatar madaniyat vaziri Shayx Abdulrahmon bin Hamad Al-Tani boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilish maydonida bo‘ldi.

Qatar madaniyat vaziri bu yerdagi jarayon bilan tanishish chog‘ida o‘zbek ulamolarining islom tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasi, ular tomonidan yaratilgan bebaho asarlar hamda hozirgi kunda davlatimiz rahbari tashabbusi va sa’y-harakatlari bilan buyuk ajdodlarimizning ilmiy, ma’rifiy va madaniy merosini asrab-avaylash, qayta tiklash va o‘rganish yuzasidan olib borilayotgan islohotlarni yuksak baholadi.

Markaz axborot xizmatining xabariga ko‘ra, delegatsiya a’zolarida bino ravoqlariga  milliy naqqoshlik uslubida yozilgan oyatlar, hadislar, Qur’on zaliga  qo‘yilayotgan pushti rangdagi tabiiy toshdan iborat bezaklar, 70 jildlik “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” kitob-albomlari katta taassurot qoldirgan.  

Shundan so‘ng vazir kelgusida “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” kitob-albomlarining Qatar davlatiga bag‘ishlangan yangi jildini va Qatar milliy kutubxonasining nodir qo‘lyozmalar  boshqarmasida saqlanayotgan taniqli mutafakkirlarimiz Imom Buxoriy, Xorazmiy, Imom Termiziy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino va Mirzo Ulug‘bek asarlari hamda temuriylar davriga oid manbalar haqida hamkorlikda yangi kitob-albom chop etish taklifini bildirdi.  

Tanishuv yakunida delegatsiya a’zolariga “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” kitob-albomlari taqdim etildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101404 | Инструменты