Huawei 1
The New York Times HAMASning ayrim protokollarini qo‘lga kiritdi

Amerikaning “The New York Times” gazetasi bundan bir yil oldin – 2023 yil 7 oktyabr kuni HAMASning Isroil hududiga hujum qilish, Livanning “Hizbulloh” guruhi hamda Eronni bunga qo‘shilishga ko‘ndirish imkoniyatini muhokama qilgan maxfiy uchrashuvlariga oid protokollarni qo‘lga kiritdi. Bu haqda gazetaning o‘zi xabar berdi.

Nashrning ma’lum qilishicha, ushbu jamlangan protokollar guruhning siyosiy va harbiy rahbarlari tomonidan 2 yil davomida o‘tkazilgan 10 ta yig‘ilishga tegishli bo‘lib, ular Isroil harbiylari tomonidan joriy yilning yanvar oyi oxirida tashkilotning G‘azo sektori janubidagi Xon Yunus shahrida joylashgan yerosti qo‘mondonlik punktida o‘tkazgan tintuvlari davomida kompyuterdan topilgan. Jurnalistlar hujjatlarning bir qismini o‘zlari tekshirib, ulardagi ma’lumotlarni ro‘y bergan voqealar bilan taqqoslagan, bir qismini esa HAMAS faoliyatidan xabardor ekspertlar hamda guruh harbiy qanotining sobiq a’zolariga taqdim qilgan.

Shuningdek, 2022 yil aprel oyida o‘tkazilgan yig‘ilishda guruh yetakchilari odatda eng keskin davr bo‘ladigan Ramazon oyi jiddiy to‘qnashuvlarsiz kechgani, bu esa HAMASga o‘z niyatini yashirishda yordam berganini qayd etgan. Iyundagi uchrashuvda HAMAS navbatdagi eskalatsiyadan qutulib qolishga erishgani aytilgan. Bundan tashqari, shu yig‘ilishda guruh yetakchisi Yahyo Sinvar birinchi marta Isroilga yirik hujum G‘azo sektorida tinch aholi orasida qurbonlarga olib kelishi mumkinligi haqida eslatgan. 7 oktyabrdan keyin esa harakatning rasmiylaridan ba’zilari tinch aholi orasida katta yo‘qotishlar bo‘lganini tan olgan, ammo bu falastinliklar ozodlik uchun to‘lashi kerak bo‘lgan to‘lov” ekanini ta’kidlashgan.

NYT'ning yozishicha 2023 yil 7 oktyabr kuni hujum uyushtirishga majbur qilgan sabablar ham keltirilgan. Masalan, ulardan biriga ko‘ra, tashkilot Isroil va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilanib borayotganini buzish bo‘lgan. Isroil hukumatining Iordan daryosining G‘arbiy sohiliga o‘rnashib olgani va Al-Aqso masjidi majmuasi ustidan nazoratni kuchaytirishga bo‘lgan urinishi ham keltirilgan. Hujum 2023 yil oxiriga qadar amalga oshirilishi kerakligiga yana bir sabab sifatida HAMAS Isroil yangi havo hujumidan mudofaa tizimini ishga tushirishidan oldinroq zarba berishni istagani bo‘lgan.

Harakat 2023 yil may oyida hujum boshlanishi uchun ikkita ehtimoliy sanani muhokama qilgan: bulardan biri 25 sentyabr – Isroilda Yom-kipur nishonlanadigan kun (“Qiyomat kuni”, yahudiylar taqvimidagi eng muhim sanalardan biri), yoki shu yili Simxat Tora bayramiga to‘g‘ri kelgan 7 oktyabr kuni.

Eron Isroilga 7 oktyabrda uyushtirilgan hujumga qandaydir aloqasi borligini rad etgan. Eronning BMT huzuridagi missiyasi hujum to‘liq HAMASning G‘azo sektorida joylashgan harbiy qanoti tomonidan rejalashtirilgani, buni Eron yoki “Hizbulloh”ga bog‘lashga urinishlar ishonchga sazovor emasligi va soxta hujjatlarga asoslanganini ma’lum qilgan.

Hujjatlar shuni ko‘rsatadiki, 7 oktyabr hujumidan bir necha oy oldin HAMAS ancha uzoqqa borishni rejalashtirgan. G‘azo sektorining shimolidagi HAMAS postida topilgan taqdimotlardan biri Isroilga turli jabhalarda hujum qilish imkoniyatlarini, nishonlarni qo‘mondonlik markazlaridan tortib savdo markazlarigacha ko‘rsatib beradi.

Arab tilidagi “Falastinni ozod qilish rejasi strategiyasi” deb nomlangan hujjatda HAMAS harakatining o‘nlab xaritalari, fotosuratlari va sxemalari hamda ehtimoliy hujumlar ketma-ketligi mavjud. Amalga oshirilmagan rejalar orasida Tel-Avivdagi osmono‘par binoni vayron qilish va temiryo‘llarda sabotaj qilish ham bor.

Isroilning ikkinchi eng baland binosi bo‘lgan 70 qavatli Moshe Aviv minorasi va 3 ta osmono‘par bino, yirik savdo markazi, temiryo‘l vokzali va kinoteatrdan iborat Azriyeli markazi majmuasi mumkin bo‘lgan nishonlar ro‘yxatida. Biroq, hujjatda qayd etilishicha, HAMAS binolarni qanday yo‘q qilish kerakligini hali aniq olmagan. Eronning BMTdagi doimiy vakolatxonasi Isroilni dezinformatsiya tarqatishda ayblagan. Isroillik harbiylar izoh berishdan bosh tortgan. HAMAS va “Hizbulloh” ham so‘rovlarga javob qaytarmagan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101404 | Инструменты