Senatning beshinchi yalpi majlisida “Qonunlar loyihalarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish va ko‘rib chiqish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.
Qonun ijodkorligi faoliyatining sifati yangi qonunlarning mamlakatimiz Bosh qomusiga, milliy qonunchilikka, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga muvofiqligini taʼminlovchi tartib-taomillar va mexanizmlar samaradorligiga ko‘p jihatdan bog‘liqdir.
Ayniqsa, qonun loyihalarini ishlab chiqish va qabul qilishda aholi va keng jamoatchilik bildirgan fikrlari va pozitsiyalarini o‘rganish hamda ularni inobatga olish jamiyat va davlat hayotiga oid strategik qarorlar qabul qilishda o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu borada muhokamadagi Qonun bilan qonun loyihasini parlamentga kiritishda qonun loyihasining va xalqaro shartnoma loyihasining (matnining) o‘tkazilgan huquqiy ekspertizasi natijalarini, shuningdek qonun loyihasining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi va u bo‘yicha o‘tkazilgan jamoatchilik muhokamasi natijalarini taqdim etish masalalari aks ettirilmoqda.
Bundan tashqari, qonun loyihasini kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti o‘zi kiritgan qonun loyihasini Qonunchilik palatasi tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilinguniga qadar chaqirib olish to‘g‘risidagi norma mustahkamlanmoqda.
Senatorlar mazkur Qonunning hayotga tatbiq etilishi qonunchilik tashabbusi huquqiga ega bo‘lgan subyektlarning qonun ijodkorligi sohasidagi faoliyati sifatini oshirish, qonunlarning ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdagi rolini mustahkamlash, xalqchil hamda to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlaydigan qonunlar qabul qilinishiga xizmat qilishini taʼkidladilar.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31805 | Инструменты