Senatning beshinchi yalpi majlisida “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlar faoliyatining hamda fuqarolar huquq va erkinliklarining kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun senatorlar tomonidan muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda mamlakatda huquqiy tizimni tubdan takomillashtirish va sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlashga qaratilgan keng ko‘lamli va muhim ahamiyatga ega bo‘lgan islohotlar amalga oshirildi.
Ushbu islohotlar sud ishlarini takomillashtirish, sud qarorlarining shaffofligi va xolisligini oshirish, shuningdek, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish kabi keng ko‘lamli yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Muhokama qilingan Qonun ham ana shu tizimli islohotlarning mantiqiy davomidir.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi hamda “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunga gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkinligi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi nazarda tutilmoqda. Sud jarayonida ishtirok etayotgan guvoh o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi ko‘rsatma bermaslik huquqi joriy etilmoqda.
Qonun bilan sudyani muayyan ishning muhokamasidan chetlashtirishga yoki uning vakolatlarini to‘xtatib turish, boshqa lavozimga o‘tkazishga faqat qonunda belgilangan tartibda va asoslarga ko‘ra yo‘l qo‘yilishi joriy qilinmoqda. Shuningdek, sudya vakolatiga va odil sudlovni amalga oshirishga doir faoliyatiga har qanday tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi hamda ularning hisobdor emasligi belgilanmoqda.
Oliy sudning qonunchilik tashabbusi huquqini amalga oshirish doirasi aniqlashtirilib, faqat o‘z vakolatlari doirasida masalalar kiritishi ko‘rsatilmoqda.
Mazkur Qonun fuqarolarning huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini taʼminlash, odil sudlovning sifatini yana-da oshirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
Qonunning qabul qilinishi odil sudlovni amalga oshirishda sudyalar tomonidan Konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash hamda Konstitutsiyaviy ustuvorlikni qaror toptirish bo‘yicha zarur huquqiy kafolatlar yaratilishi, shaxsning huquq va erkinliklarining sud orqali himoyasi yana-da mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31722 | Инструменты