Surxondaryo viloyatida sodir bo‘lgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davomida 50 yoshli fermer Toxir Xaitov ma’muriy qamoqqa olingani va keyinroq vafot etgani haqidagi xabarlar ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Mazkur holat Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tomonidan nazoratga olinib, holatga doir ma’lumotlar o‘rganilmoqda.
Ombudsmanga ma’lum qilinishicha, T. Xaitov Jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tuman sudining 2025-yil 24-fevraldagi qaroriga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bo‘yicha aybli deb topilgan va unga 6 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. U Termiz shahridagi ma’muriy qamoqxonaga olib borilayotgan vaqtda sog‘lig‘ining yomonlashgani sababli Sariosiyo tuman tibbiy yordam bo‘limiga olib kelingan. Biroq tibbiy xodimlar uning vafot etganini ma’lum qilishgan.
Sariosiyo tuman sud-tibbiy ekspertizasi xulosasida marhum yurak ishemik kasalligi, infarkt miokardi, yurak anevrizmi va yurak tamponatsiyasi oqibatida vafot etgani qayd etilgan. Shuningdek, unda piyelonefrit va arteroskleroz asoratlari mavjud bo‘lgan. Ekspertiza ko‘rigi vaqtida uning badanida biror-bir tan jaroxatlari va ularning izlari aniqlanmaganligi ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Sariosiyo tumanprokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, tekshiruv viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga Ombudsman tomonidan so‘rov yuborildi.
Ombudsman tergovga qadar tekshiruv davomida mazkur holatni har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘rganish ta’minlanishini so‘raydi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22823 | Инструменты