“Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident Qarori (PQ-265-son, 18.07.2024 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko'ra, Termiz muhandislik-texnologiya instituti hamda Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutini qo'shib yuborish orqali ularning negizida Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti tashkil etiladi.
Muhandislik, qishloq xo'jaligi, ishlab chiqarish va xizmat ko'rsatish sohalarida mutaxassislar va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash universitetning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
2024/2025 o'quv yilidan Universitetda Ilg'or muhandislik maktabi faoliyati tashkil etiladi. Bunda, yirik ishlab chiqarish korxonalari Ilg'or muhandislik maktabiga sanoat hamkori sifatida biriktiriladi.
2025/2026 o'quv yilidan:
— Universitet professor-o'qituvchilari va doktorantlarini xorijiy davlatlarning yetakchi oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlariga ilmiy stajirovka va malaka oshirishga yuboriladi;
— Universitetning bakalavriat va magistratura bosqichlariga o'qishga qabul qilingan iqtidorli talabalar uchun xorijiy tillarda o'qitiladigan alohida guruhlar tashkil etiladi.
Universitetga xalqaro e'tirof etilgan tashkilotlarning amaldagi reytingida oliy ta'lim muassasalari orasida birinchi 300 talik ro'yxatga kirgan xorijiy oliy ta'lim tashkilotining dasturi asosida o'z ta'lim dasturlarini shakllantirish huquqi beriladi.
Termiz muhandislik-texnologiya instituti hamda Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutida tahsil olayotgan barcha talabalar o'qishini Universitetda davom ettiradi hamda 2024/2025 o'quv yilidan bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda Universitet diplomi beriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 103013 | Инструменты