Senatning navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlashga hamda jamoat transportidan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Mamlakatimizda tirbandlik masalasi aholi uchun, ayniqsa, poytaxtimizda eng dolzarb muammoga aylanmoqda. So‘nggi 2-3 yilda Toshkent shahrida 7-9 ballik tirbandliklar har kuni kuzatilayotgan bo‘lsa, ayrim vaqtlarda mazkur holat 10 ballgacha ko‘tarilmoqda. Bu esa yo‘llarda asabiy va ziddiyatli holatlariga, yo‘lovchi hamda haydovchilarning soatlab vaqt sarflashiga sabab bo‘lmoqda.
Shu bois yo‘llarda tirbandlikni kamaytirish hamda aholiga qulayliklar yaratish maqsadida jamoat transportiga ustuvorlik berish yo‘nalishida amaliy choralar ko‘rilmoqda.
Xususan, Toshkent shahrida avtobuslar soni so‘nggi 2 yilda 2 barobarga oshdi. Ular uchun alohida yo‘laklar tashkil etilishi natijasida avtobuslarning qatnovdagi oraliq intervali 2 barobarga qisqardi. Yo‘lovchilar soni 2 barobarga o‘sib, kunlik foydalanuvchilar soni 1 mln yo‘lovchiga yetdi.
Biroq qonunchilikdagi bo‘shliqlar jamoat transportidan foydalanishning samaradorligini jiddiy pasayishi, qatnov muntazamligi va jamoat transportining erkin harakatlanishiga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda.
Shahar avtomobil yo‘llarida jamoat transporti uchun alohida yo‘laklar ajratilib, boshqa transport vositalarining harakati taqiqlangan bo‘lsa-da, ularning ushbu yo‘laklarda harakatlanish davom etmoqda.
Amaldagi qonunchilikda jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yo‘laklarda harakatlangan transport vositalari haydovchilari uchun javobgarlik choralari nazarda tutilmagan.
Shu bilan birga, haydovchilarning transport vositalarini velosiped yo‘laklari, trotuarlar hamda yashil hudud maydonlarida boshqarishi ko‘plab kuzatilmoqda va ushbu hududlarda harakat qatnashchilarining xavfsizligini ishonchli taʼminlashga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda.
Yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlashga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi omillardan yana biri noqonuniy ravishda sunʼiy to‘siqlar o‘rnatish, yo‘lni to‘sib qo‘yish holatlaridir.
Fuqarolar o‘z yashash hududlaridagi ko‘chalarda noqonuniy ravishda sunʼiy to‘siqlar o‘rnatishi, yo‘lni to‘sib qo‘yish orqali harakatlanishni cheklagan holda aholiga shoshilinch xizmat ko‘rsatuvchi hamda maxsus transport vositalari harakatiga to‘sqinlik qilmoqda.
Bu boradagi muammolarni hal etish maqsadida ishlab chiqilgan mazkur Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi 1287-modda kiritilib, jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yo‘laklarda harakatlanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Jumladan, yo‘nalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmasi bor yo‘ldan transport vositalarining harakatlanishi – bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida, xuddi shunday huquqbuzarlikni maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa – bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 128-moddasi nomlanishi va birinchi qismi dispozitsiyasi yangi tahrirda bayon etilmoqda.
Endilikda haydovchilarning transport vositalarini trotuarlardan, piyodalar va velosiped yo‘lkalaridan, yashil maydonlardan yurgizishi, yo‘l belgilari va yo‘l harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmasligi uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Sentorlar taʼkidlaganidek, Qonunning qabul qilinishi yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlashga, yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga, yo‘llarda jamoat transporti harakatlanishi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratilishiga xizmat qiladi.
Muhokamadan so‘ng Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31806 | Инструменты