Huawei 1
Toshkent shahrida atmosferaga yiliga 420 ming tonna ifloslantiruvchi moddalar chiqarilmoqda

Oliy Majlis Senatining ellik to‘rtinchi yalpi majlisida parlament nazorati doirasida Toshkent shahrida tadbirkorlikni rivojlantirish va ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar holati ko‘rib chiqildi.

Majlisda poytaxtda tadbirkorlikni rivojlantirish va ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha qator ijobiy natijalarga erishilgani qayd etildi.

Xususan, Toshkent shahrida 2024-yil 1-aprel holatiga faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik subyektlari soni 135,1 mingtani tashkil etib, mazkur tadbirkorlik subyektlarning asosiy qismi, yaʼni 33 foizi savdo, 13 foizi sanoat, 9 foizi qurilish sohasiga to‘g‘ri kelgan.

Kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan joriy yilning o‘tgan choragida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 9,5 trln so‘mni, qurilish ishlari 5,9 trln so‘mni, chakana savdoning tovar aylanmasidagi hajmi 11,3 trln so‘mni va xizmatlar hajmi 20,0 trln so‘mni tashkil etgan.

Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 2024-yilning o‘tgan 6 oyida shahar bo‘yicha 1 mingdan ortiq jismoniy va yuridik shaxsga 17,4 mlrd so‘m imtiyozli kreditlar ajratilgan.

Ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan “Yashil makon” umummilliy loyihasining bahorgi ko‘chat ekish mavsumi doirasida Toshkent shahrida 700 ming donaga yaqin manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlari va qalamchalari ekilgan. Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 12 ta tuman hokimliklari tomonidan 20,47 gektar maydonda 26 ta hokimlik yashil bog‘lari, har bir tumanda “Kashtan ko‘chasi”, “Chinor ko‘chasi”, “Eman ko‘chasi”, “Lola daraxti ko‘chasi” kabi namunaviy ko‘chalar tashkil etilgan.

Chiqindilarni boshqarish bo‘yicha Toshkent shahrida mavjud 585 ta MFY to‘liq sanitar xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qamrab olingan. Shaharda umumiy hisobda mart oyigacha 363,2 ming kub metr aholidan qattiq maishiy chiqindilar olib chiqib ketilgan.

Joriy yilning o‘tgan davrida shaharda yangi qurilayotgan hamda faoliyat olib borayotgan sanoat va boshqa ishlab chiqarish korxonalariga jami 1 057 ta davlat ekologik ekspertizasining xulosalari taqdim qilingan.

Shuningdek, o‘rganish jarayonida amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda ayrim kamchilik va muammolar ham mavjudligi aniqlandi.

Xususan, majlisda taʼkidlanganidek, shaharda 2023-yil yakuni bilan 327 ta hududiy korxonalar 10,2 trln so‘mlik zarar bilan yakunlagan.

Shu bilan birga Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ishlab chiqarish korxonalaridan iborat kichik sanoat zonasida muntazam ravishda elektr va gaz taʼminotida muammolar mavjudligi, Yakkasaroy tumanida esa Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi tashkil qilish bo‘yicha ishlar to‘liq amalga oshirilmaganligi, Yashnobod tumanida 28 ta lotdan iborat Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi tashkil qilingan bo‘lsa-da, biroq bugungi kunda 28 ta lotdan faqat 12 tasi auksion orqali sotilganligi ko‘rsatib o‘tildi.

“Tadbirkor virtual ofisi” axborot portali orqali kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi va muddati ustidan nazorat o‘rnatilgan bo‘lishiga qaramasdan, murojaatlarning 29 foizini (106 ta) ko‘rib chiqish muddatlari buzilgan.

Bundan tashqari, respublika miqyosida atmosferaga yiliga 2 mln 200 ming tonnadan ziyod ifloslantiruvchi moddalar chiqarilayotgan bo‘lib, Toshkent shahrida havodagi ifloslantiruvchi moddalar miqdori qariyb 420 ming tonnani tashkil etgan.

Hududlardagi ayrim korxonalarda haligacha 10 yildan ortiq ishlatilayotgan chang-gaz tozalash uskunalari modernizatsiya qilinmagan.

Joriy yilning o‘tgan davri davomida daraxtlarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq 87 ta holat aniqlanib, tabiatga jami 817,3 mln so‘m zarar yetkazilgan. Shahardagi oqava suv tozalash inshootlari samaradorligi past bo‘lib, Salar va Bo‘zsuv inshootlarida 72 foizni, Bektemir inshootida 53 foizni tashkil qiladi, xolos.

Senatorlar tomonidan shaharda tadbirkorlikni rivojlantirish va ekologik vaziyatni yaxshilashda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar masʼul vazirlik va idoralarga ko‘rsatib o‘tildi hamda ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga, ekologiya sohasida mavjud talablar bajarilishini taʼminlashga qaratilgan zarur choralar ko‘rish yuzasidan takliflar bildirildi.

Xususan, korxonalarni sog‘lomlashtirishga qaratilgan choralarni belgilash, kichik sanoat zonasi va yoshlar sanoat zonalari muhandislik taʼminotini yaxshilash orqali tadbirkorlikni rivojlantirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida ishlarni tashkil etish, atrof muhitni muhofaza qilish bo‘yicha choralarni ko‘rish lozimligi qayd etildi.

Ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102301 | Инструменты