Huawei 1
102 ta tashkilotning tashabbusli loyihalari 16 milliard so‘mga moliyalashtirildi

AOKAda o‘tkazilgan brifingda Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi axborot xizmati rahbari Ortiqxo‘ja Norov Fondning 2024 yildagi faoliyati yakunlari yuzasidan ma’lumot berdi.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan 2024 yilda inson huquqlarini himoya qilish, korrupsiyaga murosasiz muhitni shakllantirish hamda ta’lim, tibbiyot, ekologiya, qurilish, transport, kommunal xo‘jaligi, bandlik, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish va boshqa sohalarning eng dolzarb muammolari yechimiga qaratilgan loyiha va tashabbuslar moliyaviy qo‘llab-quvvatlangan.

70 ta ustuvor yo‘nalishni qamrab olgan 4 ta davlat granti tanlovida NNT, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari 3 ming 42 ta loyiha bilan ishtirok etib, g‘olib deb topilgan va 102 ta tashkilotning loyihalari 16 milliard so‘mga moliyalashtirilgan.  

Shuningdek, “Qoraqalpoq etno ovuli” tashkil etildi, sog‘liqni saqlash sohasida Nukus shahrida og‘ir bemorlarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida shifoxona xospisining moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi.  

Namangan viloyatida nogironligi bor 100 nafar shaxsga dori-darmon va ortoped mahsulotlar yetkazib berildi. 1 ming 93 nafar fuqaro kasb-hunarga o‘qitildi, 6 ta xonadonga issiqxona qurib berildi. 290 ta xonadonning suv ta’minoti yaxshilandi, 14 ta xonadonga quyosh panellari o‘rnatildi. 8 ta mahallada esa ko‘chalar ta’mirlandi.  

Bundan tashqari davlat ijtimoiy buyurtmasi dasturi doirasida NNT, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari o‘rtasida o‘tkazilgan davlat ijtimoiy buyurtmasi tanloviga 57 ta tashkilotdan kelib tushgan loyihalarning 12 tasiga 23 milliard  250 million so‘m mablag‘ ajratildi.  

Ushbu loyihalar natijasida poytaxtning Yashnobod tumanidagi 103-sonli va Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahridagi 22-sonli maktab-internatining eskirgan kasbiy ta’lim ustaxonasi yangi asbob-uskunalar bilan jihozlanib, tarbiyalanuvchilarning turli kasblarni o‘rganish imkoniyati yaratildi. Buxoro viloyati Shofirkon tumanida ishlab chiqarish sexi qurilib, 20 ta ish o‘rni yaratildi.  

Hozirda “Kasana.uz” platformasi yaratilib, respublika bo‘yicha 15 ming nafar xotin-qiz o‘qitilmoqda. Qo‘qon shahar tug‘uruq kompleksi qoshida Reproduktiv salomatlik markazi tashkil etildi. Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qashqadaryo viloyati filialiga 10 dona zamonaviy kuvez apparati, Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Do‘stlik, Forish tumanlararo OIV diagnostika laboratoriyalariga avtoklav va rentgen apparatlari olib berildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 20423 | Инструменты