DXX va IIV tuzilmalari tomonidan 8-9 fevral kunlari O'zbekiston miqyosida “Oriat” keng ko‘lamli tadbirlari o‘tkazildi.
Tezkor-profilaktik tadbirlari davomida jamoat xavfsizligi va salomatligini taʼminlashga masʼul bo‘lgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda sog‘liqni saqlash muassasalari vakillaridan iborat ishchi guruhlar hududlarda faoliyat olib bordi.
Axloq va sog‘liqqa qarshi qaratilgan jinoyatlarni aniqlash, OIV (OITS), teri-tanosil hamda boshqa turdagi yuqumli kasalliklarni aholi orasida tarqalishining oldini olish maqsadida saunalar, SPA salonlar, massajxonalar, karaoke barlar, mehmonxonalar, xostellar va tungi klublar kabi jami 362 ta maskanlarda 506 ta reyd tadbirlari o‘tkazildi.
Tekshirilgan obyektlarda aholi salomatligiga xavf solishi mumkin bo‘lgan jami 2.469 nafar shaxslar bilan tushuntirish ishlari olib borildi va ularning 968 nafari mobil tarzda shifokor ko‘rigidan o‘tkazilib, tegishli tibbiy xulosalar olindi.
Aniqlangan holatlar bo‘yicha qo‘zg‘atilgan 155 ta jinoyat ishlari doirasida 159 nafar shaxslar jinoiy javobgarlikka tortildi. 437 nafar shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortilib, 1.236 nafar shaxslar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi hamda ularning 624 nafari rasmiy ogohlantirildi.
Keng ko‘lamli tadbirlar doirasida 2005 yilda tug‘ilgan ayol OITSga qarshi kurashish markazida ro‘yxatda turib, boshqa shaxslar bilan tartibsiz jinsiy aloqa qilgan taqdirda, Jinoyat Kodeksining 113-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirilishiga qaramasdan 5 nafar shaxs bilan jinsiy aloqa qilganligi aniqlandi. U turli miqdordagi pul evaziga xizmat ko‘rsatib, ushbu shaxslarni OIV infeksiyasi yuqishi xavfi ostida qoldirganligi uchun Jinoyat Kodeksining 113-moddasi tartibida xujjatlar rasmiylashtirildi.
Xorazm viloyatida o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida Yangibozor tumanidagi tungi klub ish boshqaruvchisi bo‘lgan 2004 yilda tug‘ilgan shaxs klubda mijozlarga giyohvandlik vositalarini sotish bilan shug‘ullanib kelayotganligi aniqlandi. Hodisa joyidan giyohvandlik vositasi, 2 dona bita, 2 dona pichoq va 1 dona elektroshoker ashyoviy dalil sifatida olindi.
1986 yilda tug‘ilgan shaxs esa 2 nafar jinoiy sheriklari bilan birga Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi xonadonda sintetik giyohvandlik vositasini igna orqali qabul qilib, “bangixona” tashkil etganligi aniqlangan. O‘tkazilgan shaxsiy tintuvlar jarayonida ulardan birining yonida qora rangli paketga o‘ralgan sintetik giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.
Jamoat xavfsizligi va salomatligini taʼminlash yo‘nalishidagi tezkor-profilaktik tadbirlar davom ettiriladi.
Eslatib o'tamiz, bundan oldin Farg‘onada qora doriga qarshi reydda 8 kishi ushlangani haqida xabar bergan edik.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21101 | Инструменты