Huawei 1
Yunusoboddagi quvur yorilishi oqibatida qariyb 85 ming kub metr ichimlik suvi yo‘qotilgan

Toshkentning Yunusobod tumanidagi Moyqo‘rg‘on va Qoraqamish ko‘chalari kesishmasi ostidan o‘tgan 800 diametrli magistral suv quvuri teshilib, atrofni suv bosgani haqida xabar berilgan edi. “O‘zsuvtaʼminot” AJ rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Yunusoboddagi quvur yorilishi oqibatida qancha ichimlik suvi yo‘qotilgani maʼlum qilindi.

“O‘zsuvtaʼminot” bo‘limi boshlig‘i Asiljon Muhiddinovning so‘zlariga ko‘ra, yuz bergan nosozlik bevosita 1970−1975-yillarda tortilgan suv quvurlarining bugungi kunda taʼmirtalab ahvolga kelgani va o‘sha tarmoqda ortiqcha bosim paydo bo‘lgani oqibatida kuzatilgan.

Uning aytishicha, birlamchi hisob-kitoblarga ko‘ra, nosozlik jarayonida 80−85 ming kub metr miqdoridagi ichimlik suvi yo‘qotilgan.

"Bu Toshkent shahriga bir kunda uzatilayotgan ichimlik suvining 3,2 foizini tashkil qiladi... Agar biz tarmoqlarni raqamlashtirib, ularning bosimini onlayn boshqaradigan uskuna va jihozlarini o‘rnatmas ekanmiz, tarmoqning qaysidir nuqtasida avariya sodir bo‘lishini oldindan bila olmaymiz. Mana shu ishlarni amalga oshirsak, tarmoqni to‘liq nazorat qilish va nosozliklarning oldini olish imkoniga ega bo‘lamiz", - deydi “O‘zsuvtaʼminot” vakili.

“O‘zsuvtaʼminot” AJ boshqaruvi rais o‘rinbosari Xurshid Rahmatullayevning taʼkidlashicha, avariya diametri 1200 millimetrli quvurning 800 mm bo‘lgan quvurga ulangan qismida sodir bo‘lgan.

"Ushbu hodisada yo‘qotilgan ichimlik suvi zarari aholi yoki o‘sha hududdagi isteʼmolchilar bo‘yniga hisoblanmaydi. Yuqorida aytganimizdek, texnik yo‘qotishlar avvaldan ko‘zda tutiladi. Agar yil davomida 17 foizdan oshadigan bo‘lsa, quvur egasi, yaʼni bizning tashkilot zarari hisoblanadi, tabiiy yo‘qotish, degan mazmunda zarar qoplanadi. Bu hech qanaqasiga isteʼmolchilar bo‘yniga tushmaydi", - deydi Xurshid Rahmatullayev.

3-iyul kuni Toshkent shahar Yunosobod tumanini suv bosdi. Toshkent shahar “Suv taʼminoti” axborot xizmati boshlig‘i holatga yaqin hududda joylashgan qozonxonada vaqtincha elektr taʼminoti uzilgani sabab bo‘lganini aytdi. Energetika vazirligi esa Toshkent shahar “Suv ta’minoti”ning mazkur bayonoti haqiqatga mos emasligini va 4-sonli qozonxonada 2—3-iyul kunlari elektr ta’minoti bilan bog‘liq hech qanday uzilish yuz bermaganini ma’lum qildi. Veolia Energy Tashkent sovuq suv quvuridagi nosozlik tufayli 4-IM qozonxonasida bosim pasayib ketgani va belgilangan standartlarga muvofiq ishlay olmasligini bildirdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102303 | Инструменты