Senatning navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga zargarlik sanoatini yana-da rivojlantirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Mamlakatimizda zargarlik sanoatini qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqariladigan zargarlik buyumlarining ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini taʼminlash, shuningdek zargarlik sohasini mahalliy sanoatning asosiy drayverlaridan biriga aylantirish borasida qilingan ishlar natijasida mazkur sohadagi korxonalar soni
3 baravarga ortib, 627 taga yetdi. Hozirda ulardagi ishchi xodimlar soni 3 000 nafarga yaqinni tashkil etmoqda.
Qayd etish lozimki, yurtimizda zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish uchun katta salohiyat mavjud. Buni o‘tgan vaqt davomidagi natijalar orqali ham ko‘rishimiz mumkin.
Jumladan, 2024 yilda zargarlik sohasida ishlab chiqarish hajmi 2,5 trln so‘mni tashkil etib, 2023-yilga nisbatan 15 foiz o‘sgan. Mahsulotlarning eksporti esa 20 foizga ortgan.
Biroq zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarning qimmatbaho metallarga bo‘lgan talabini qanoatlantirish, ularning rivojlanishi uchun qulay biznes muhitini yaratish va qonunchilikda mavjud bo‘lgan byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Zargarlik sohasida qimmatbaho metallar va toshlar, ulardan yasalgan zargarlik buyumlarning noqonuniy aylanmasi mavjudligi, tadbirkorlik subyektlariga mol-mulk va yer solig‘idagi imtiyozlar yetarli emasligi va yana bir qator mavjud muammolar sohadagi salohiyatdan to‘laqonli foydalanish imkonini bermayapti.
Ushbu omillar inobatga olingan holda Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga va Soliq kodeksiga, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi hamda “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risida”gi qonunlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi va aylanmasi sohasidagi huquqbuzarliklar uchun jarima miqdorlari keskin oshirilmoqda.
Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda qimmatbaho metallar va toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarning noqonuniy aylanmasini kamaytirish, shuningdek qalbaki, asillik darajasiga muvofiq bo‘lmagan zargarlik buyumlari sotilishiga barham berish maqsadida ushbu sohadagi huquqbuzarlik sodir etganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravaridan 50 baravarigacha jarimalar nazarda tutilmoqda.
Soliq kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga asosan “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasining aʼzolari bo‘lgan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan 2027-yil 1-sentabrga qadar soliq imtiyozlari tatbiq etilmoqda.
Aynan shu muddatga qadar mazkur tadbirkorlarga ishlab chiqarishda foydalaniladigan yer uchastkalari hamda ko‘chmas mulk obyektlari mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilinishi nazarda tutilmoqda.
Mazkur Qonunning qabul qilinishi zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarni xom ashyo bilan taʼminlanishini yaxshilanishiga, ularning eksport salohiyatini oshirish, soha korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanishni taʼminlash, shuningdek aholining sifatli zargarlik mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qanoatlantirish hamda respublika byudjetiga chet el valyutasi va soliq tushumlarining ko‘payishiga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31800 | Инструменты