Huawei 1
Axios: AQSh va Qatar G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni imzoladi

AQSh va Qatar vakillari G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va isroillik garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Bu haqda 16 yanvar, payshanba kuni Amerikaning Axios portali manbalarga tayanib xabar berdi.

Kelishuv kafillari - AQSh, Qatar va Misr

Unga ko‘ra, Isroil va Hamas guruhi o‘rtasidagi kelishuvning yakuniy versiyasi payshanba kuni Dohada tasdiqlangan. Hujjatni Isroil, Hamas, AQSh va Qatar muzokarachilari imzolagan. Vashington nomidan hujjatni diplomat Brett Makgerk imzoladi. Qatar va AQShdan tashqari, Misr ham kelishuv kafiliga aylandi, deb yozadi Axios.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning idorasi 17 yanvar, jumaga o‘tar kechasi kelishuv haqida bayonot berdi. «Netanyahu muzokaralar guruhi tomonidan garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgani haqida ma’lum qildi», — deyiladi bayonotda. Bosh vazir devonining qo‘shimcha qilishicha, garovga olinganlarni qabul qilishga hozirdanoq tayyorgarlik ko‘rilmoqda. AP agentligiga ko‘ra, Netanyahu idorasi bayonoti, aftidan, Isroil hukumati hukmron koalitsiya ichidagi qarama-qarshiliklarga qaramay, kelishuvni ma’qullashini bildiradi.

Bosh vazir idorasi Isroilning harbiy-siyosiy vazirlar mahkamasi «kelishuvni tasdiqlash uchun juma kuni yig‘ilishini» aytdi. Keyin u to‘liq hukumat tomonidan tasdiqlanishi kerak. Netanyahu jamoasi vazirlar mahkamasi qachon yig‘ilishi haqida aniq ma’lumot bermadi. AFP xabariga ko‘ra, kelishuv sulh 19 yanvar, yakshanba kuni kuchga kirishini anglatadi. Axios Netanyahu yordamchisiga tayanib xabar berishicha, bu muddat 20 yanvar, dushanba kuniga ko‘chirilgan.

Axios versiyasiga ko‘ra bitim shartlari

Axios ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi bosqichda yarador yoki kasal bo‘lgan 33 nafar isroillik garovga olinganlar, jumladan, ayollar, bolalar ozod qilinadi. Ular olti haftalik otashkesimning birinchi kunidan boshlab bosqichma-bosqich ozod etiladi.

Bu vaqt ichida Isroil Mudofaa armiyasi G‘azo sektorining yahudiy davlati bilan chegarasi bo‘ylab bufer zonasiga chekinishi kerak, sektorni ikkiga bo‘ladigan Netsarim yo‘lagidan, shuningdek, chiziq chegarasidagi Filadelfiya yo‘lagining katta qismidan voz kechishi kerak. Falastinliklarga hech qanday tekshiruvlarsiz G‘azo sektorining shimoliga piyoda qaytishga ruxsat beriladi. Mashinalarda og‘ir qurollar bo‘lmasligi Qatar va Misr rasmiylari tomonidan tekshiriladi.

Buning evaziga Isroil qamoqxonalaridan 700 dan ortiq falastinlik mahbuslar, jumladan, isroilliklarni o‘ldirishda ayblangan va umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan 275 ga yaqin mahkum ozod qilinadi. G‘azodan bo‘lgan qo‘shimcha 1000 falastinlik Isroil Mudofaa armiyasi tomonidan qo‘lga olingan hududdagi operatsiya davomida qo‘yib yuboriladi.

Otashkesimning 16-kunida Isroil va Hamas qolgan garovga olinganlarni ozod qilish, doimiy otashkesim va Isroil kuchlarining G‘azodan to‘liq chiqib ketishi kutilayotgan kelishuv ikkinchi bosqichi bo‘yicha muzokaralarni boshlaydi, deya xulosa qiladi Axios.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11718 | Инструменты