Huawei 1
Bayden BAAni AQSHning asosiy mudofaa hamkori deb atadi

AQSH rahbari Jo Bayden Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan muzokaralardan so‘ng amirliklarni Qo‘shma Shtatlarning asosiy mudofaa hamkori deb e’lon qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

BAA Hindistondan keyin bunday maqomga ega bo‘lgan ikkinchi davlatga aylandi.

Bu strategik hamkorlik yanada chuqurroq harbiy muvofiqlashtirishga, jumladan, qo‘shma mashg‘ulotlar, harbiy mashqlar va boshqa hamkorlik shakllariga yo‘l ochadi. Bu ikki davlatning beqaror Yaqin Sharq mintaqasida, ayniqsa, harbiy mojarolar va terroristik guruhlar tahdidi sharoitida xavfsizlikni mustahkamlash istagini aks ettiradi, deyiladi Oq uy xabarida.

Asosiy mudofaa hamkori maqomi AQSH va BAA o‘rtasidagi mudofaa sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga, ham ikki tomonlama, ham ko‘p millatli harbiy operatsiyalarni kengaytirishga imkon yaratadi.

Bayden va shayx Muhammad o‘rtasidagi muzokaralarning asosiy mavzularidan biri G‘azoda Isroil va HAMAS o‘rtasidagi mojaroning kuchayishi bo‘lgan. Har ikki rahbar urush harakatlaridan aziyat chekayotgan tinch aholiga yordam berish maqsadida G‘azoga “shoshilinch va to‘siqsiz” insonparvarlik yordamini yetkazib berishga chaqirgan. Uchrashuvdan so‘ng e’lon qilingan qo‘shma bayonotda Isroil va HAMAS o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatishning muhimligi ta’kidlangan.

Harbiy va gumanitar masalalarni muhokama qilish bilan birga, yetakchilar kosmik tadqiqotlar, toza energetika va sun’iy intellekt kabi yuqori texnologik sohalarda hamkorlikni mustahkamlashga kelishib olgan.

BAA allaqachon ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha ulkan rejalarga ega va Xitoy kabi global o‘yinchilarning e’tiborini jalb qilmoqda. Ammo AQSH bilan hamkorlikni chuqurlashtirish ushbu sohalarni rivojlantirishda yangi imkoniyatlar yaratadi, deyiladi xabarda.
Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92417 | Инструменты