Huawei 1
Bundestag mudofaa xarajatlarini oshirishga yordam beradigan qonunni ma’qulladi

Bundestag ko‘pchilik ovoz bilan mudofaa va infratuzilmaga milliardlab investitsiya ajratilishini nazarda tutuvchi moliyaviy paketni ma’qulladi, deb xabar beradi Deutsche Welle.

Jurnalistlarning tushuntirishicha, deputatlar Germaniya Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan va hukumatni budjet mablag‘larini tejamkorlik bilan sarflashga majburlovchi «qarz tormozi» mexanizmini isloh qilishni ma’qullagan.

Endi ushbu «qarz tormozi» mudofaa xarajatlari va federal yerlar ehtiyojlari uchun yumshatiladi. Shuningdek, maxsus infratuzilma jamg‘armasi uchun 500 milliard yevro ajratilishiga kelishib olingan.

XDI/XSI va Germaniya Sotsial-demokratlar partiyasi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasini 513 nafar deputat qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, 207 nafar parlamentariy unga qarshi chiqdi. Betaraflar bo‘lmagan.

Deutsche Welle’ning qayd etishicha, konservativ blok «Ittifoq-90»/«yashillar» partiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlov olishga muvaffaq bo‘lgan. Yangi tarkibdagi Bundestagda konservatorlar, sotsial-demokratlar va «yashillar» endilikla ko‘pchilik o‘ringa ega bo‘lmaydi, shu bois ular tuzatishlarni eski Bundestag tarkibida qabul qilishga ulgurishi muhim edi.

Qonun loyihasini endi Bundesrat — federal yerlar vakillik organi tasdiqlashi kerak.

XDI yetakchisi va Germaniya kanslerligiga nomzod Fridrix Mers moliyaviy paketni «hamkorlarimiz va do‘stlarimizga, shuningdek, erkinligimizga dushman bo‘lgan raqiblarga yo‘llangan aniq signal: biz o‘zimizni himoya qila olamiz», deb atadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 32001 | Инструменты