Huawei 1
Buyuk Britaniya va Fransiya Ukraina uchun tinchlik rejasini tayyorlamoqda

Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Yevropa davlatlarining Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha sammiti boshlanishidan oldin Buyuk Britaniya va Fransiya Ukraina bilan «harbiy harakatlarni to‘xtatish rejasi» ustida ishlashi, keyin esa uni Qo‘shma Shtatlar bilan muhokama qilishini aytdi.

Yevropaning eng yirik davlatlari rahbarlari ishtirokidagi London sammiti Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning Oq uyda Donald Tramp bilan ommaviy janjalidan ikki kun o‘tib bo‘lib o‘tmoqda.

Yevropa yetakchilari AQSh tomonidan Kiyevga harbiy yordamni to‘xtatish tahdidi va Kiyev va Vashington o‘rtasidagi munosabatlar keskin sovuqlashishi fonida Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish va urushni to‘xtatish bo‘yicha qadamlarni muhokama qilishi kutilmoqda.

Starmer BBC uchun intervyusida hozir uning «asosiy maqsadi» Zelenskiy va Tramp o‘rtasida «ko‘prik» bo‘lish ekanini aytdi.

Bosh vazirning aytishicha, Oq uyning Oval kabinetidagi mojarodan ko‘p o‘tmay, u AQSh prezidentiga ham, Ukraina prezidentiga ham qo‘ng‘iroq qilgan. «Mening reaksiyam shunday edi: biz ko‘priklar qurishimiz kerak, birgalikda ishlash yo‘lini topishimiz kerak. Chunki nima bo‘lganda ham biz uch yillik qonli mojaroni boshdan kechirdik va endi mustahkam tinchlikka erishishimiz kerak», — degan Starmer.

Starmer Ukrainada tinchlikni ta’minlash uchun zarur bo‘lgan uchta asosiy shartni sanab o‘tdi — Kiyevning kuchli pozitsiyasi, Yevropaning xavfsizlik kafolati va Amerika qo‘llab-quvvatlovi. «Barbod bo‘ladigan bitim bo‘lishi kerak emas va aynan shu Zelenskiyni tashvishga solmoqda», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Starmer Zelenskiy «Oq uyda noto‘g‘ri ish qildi» deb hisoblamasligini aytdi. Ammo AQSh prezidenti ham, uning fikricha, haqiqatan ham Ukrainada mustahkam tinchlikka erishmoqchi. U AQShning amaldagi prezidentiga ishonish mumkinligiga ishonasizmi, degan to‘g‘ridan to‘g‘ri savolga «ha» deb javob qaytargan.

Shuningdek, u Zelenskiyga ham ishonish mumkinligi, ammo Rossiya prezidenti Vladimir Putinga esa ishonib bo‘lmasligi va aynan shuning uchun AQSh har qanday tinchlik bitimi uchun xavfsizlik kafolatlarini taqdim etishi kerakligini ta’kidladi.

AQSh va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarda ham asosiy to‘siq Zelenskiy talab qilgan xavfsizlik kafolatlari bo‘ldi.

Tramp hozircha Rossiya o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvni buzgan taqdirda uni tiyib turish bo‘yicha aniq choralarni belgilab qo‘yishdan bosh tortmoqda.

Amerika prezidenti agar Ukraina AQSh bilan tabiiy resurslarni birgalikda o‘zlashtirish bo‘yicha kelishuv imzolashga rozi bo‘lsa, bu Ukraina hududiga Amerika kompaniyalarini olib kelishi – shunda Kreml shartnomani buzishga jur’at eta olmasligini ta’kidlamoqda. Kiyev va G‘arbning boshqa davlatlari esa bunday argumentlarga ishonmaydi.

«Men kelishuv bo‘lishi kerakligi, jangovar harakatlarni to‘xtatish kerakligi va keyin bu kelishuvni himoya qilish kerakligi tarafdoriman, chunki barcha ehtimoliy ssenariylarning eng yomoni – bu vaqtinchalik pauza, keyin esa Putin yana qaytishi», — dedi Starmer BBC’ga.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 30319 | Инструменты