Huawei 1
CNN: Rossiya va Xitoy Tramp ma’muriyati ishdan bo‘shatayotgan xodimlarni og‘dirib olmoqda

Rossiya va Xitoy razvedka xizmatlari AQSh milliy xavfsizlik xizmatlari sohasida ishlaydigan va ishdan bo‘shatilgan yoki ishdan bo‘shatilish yoqasida turgan xodimlarni og‘dirib olishni faollashtirish ko‘rsatmasini oldi. Bu haqda Amerika razvedkasi ma’lumotlaridan xabardor to‘rt manbasiga tayanib, CNN xabar berdi.

AQSh Harbiy-dengiz kuchlari Jinoiy tergov xizmati tomonidan tayyorlangan hujjatda keltirilishicha, razvedka hamjamiyati «yuqori darajadagi aniqlik»da «chet ellik raqiblar», jumladan, Rossiya va Xitoy ham Donald Tramp ma’muriyatining ommaviy qisqartirishlari fonida federal xizmatchilarni og‘dirib olishga urinayotganini baholagan.

Rossiya va Xitoy (shuningdek, AQShning boshqa raqiblari) maxfiy ma’lumotlardan foydalanish huquqiga ega va sinov muddatida bo‘lgan xodimlarga qiziqish bildirmoqda. Ular AQShning muhim infratuzilmalari va hukumat hujjatlari to‘g‘risida ma’lumot berishlari mumkin.

«Boy institutsional tajribaga ega ushbu ishdan bo‘shatilgan federal xizmatchilar raqiblarimiz va dushmanlarimizning razvedka xizmatlari uchun o‘ta jozibador nishon ekanini tushunish uchun katta tasavvur kerak emas», — deydi CNN suhbatdoshlaridan biri.

Kamida ikkita davlat (qaysilar ekaniga oydinlik kiritilmagan) allaqachon xodimlarni yollash bo‘yicha saytlar yaratgan va LinkedIn ijtimoiy tarmog‘ida amerikalik davlat xizmatchilarini og‘dirib olishga faol kirishgan.

Xitoyning AQShdagi elchixonasi vakili Lyu Pen’yuyning ma’lum qilishicha, uning mamlakati «doim o‘zaro hurmat va bir-birining ichki ishlariga aralashmaslikka asoslangan munosabatlarni rivojlantirishga sodiq bo‘lib kelgan». 

«Biz Xitoy haqidagi asossiz taxminlar tarqatilishiga qarshimiz», — deydi u.

Tramp jamoasi tomonidan budjetni iqtisod qilish uchun ommaviy ishdan bo‘shatishlar Markaziy razvedka boshqarmasi va Mudofaa vazirligiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Pentagonning ma’lum qilishicha, sinov muddatida bo‘lgan va o‘z lavozimida bir yil yoki undan kam muddat ishlagan 5 mingdan ortiq xodim ishdan bo‘shatilishi mumkin. MRB faoliyati inklyuzivlik siyosatiga bog‘liq 20 dan ortiq xodimini allaqachon ishdan bo‘shatib yuborgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 30319 | Инструменты