Yevropa parlamentining fransiyalik a’zosi Vashingtonni «Ozodlik haykali»ni qaytarishga chaqirdi. Haykal 1886-yil Amerika mustaqilligining 100 yilligi munosabati bilan fransuz xalqi tomonidan sovg‘a qilingan.
Deputat Rafael Glyuksmann AQShning hozirgi siyosati hamda Donald Tramp ma’muriyatining qarorlari mamlakatning ozodlik qadriyatlariga sodiq emasligini ko‘rsatayotgani uchun ham Fransiya haykalni ortga qaytarishi kerakligini ta’kidlaydi.
«Biz zolimlar tomonini tanlagan amerikaliklarga, ilmiy erkinlik talab qilgan tadqiqotchilarni ishdan bo‘shatgan amerikaliklarga: «Bizga Ozodlik haykalini qaytarib beringlar!» deb aytamiz», – deydi u tarafdorlariga.
«Biz uni sizga hadya qilgan edik, lekin siz bu ramzni hurmat qilmayapsiz. Shunday ekan unga o‘z uyi yaxshiroq», – dedi deputat «Place publique» partiyasi yig‘ilishidagi chiqishida.
Glyuksmann, shuningdek, Fransiyadagi o‘ta o‘ng qanot yetakchilarini tanqid qilib, ularni Tramp va prezidentning xarajatlarni qisqartirish borasidagi sa’y-harakatlariga boshchilik qilayotgan milliarder Ilon Maskning «fan-klubi» a’zoligida aybladi.
Ma’lumot uchun, fransuz haykaltaroshi Avgust Bartoldi tomonidan ishlangan «Ozodlik haykali» monumenti 1886-yil 28-oktyabrda Amerika Mustaqillik deklaratsiyasining 100 yilligi munosabati bilan Nyu-Yorkdagi Ozodlik oroliga o‘rnatilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31800 | Инструменты