Falastinning HAMAS guruhi Isroil bilan harbiy harakatlar boshlanganidan buyon o‘z saflariga 10 mingdan 15 minggacha yangi a’zolarni jalb etdi. Bu haqda AQSh kongressidagi ikki manbaga tayanib Reuters xabar bermoqda.
Agentlik suhbatdoshlari o‘z baholashlarida Amerika razvedkasi ma’lumotlariga tayanishgan. U yerda 15 oylik mojaro davomida HAMAS “taxminan shuncha miqdordagi jangarilarni” yo‘qotgani ta’kidlanmoqda. Reuters manbalarining aytishicha, guruhning ko‘plab yangi jangchilari “yosh va tayyorgarliksiz”.
14-yanvar kuni AQShning sobiq davlat kotibi Entoni Blinken HAMAS yo‘qotishlarni deyarli qoplaganini ma’lum qilgan. Uning ta’kidlashicha, Vashington Isroil hukumatiga guruhni faqat harbiy kampaniya o‘tkazish orqali mag‘lub etib bo‘lmasligini “allaqachon aytgan”.
Blinkenning bayonotidan so‘ng Isroilning BMTdagi elchisi Denni Danon HAMASning yollash bo‘yicha sa’y-harakatlarini qayd etib, harakatga qo‘shilgan yoshlar “qurol yoki raketa” bilan ta’minlanmaganligi sababli terrorchi bo‘la olmasligini qo‘shimcha qildi.
Isroil va HAMAS o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bitimi kuchga kirdi
Bitimning birinchi bosqichida HAMAS Isroil tomoniga 33 nafar garovga olinganlarni topshiradi, ularning aksariyati tirik deb taxmin qilinmoqda. Bular asosan ayollar, bolalar, keksalar, bemorlar va yaradorlardir. Bunga javoban Isroil yuzlab falastinlik mahbuslarni qamoqdan ozod qiladi.
Kelishuv shartlariga ko‘ra, Isroil armiyasi G‘azo sektori hududlarining aksariyat qismidan chiqib ketadi, faqatgina G‘azo sektori va Misr o‘rtasidagi Filadelfiya yo‘lagida, shuningdek, Falastin eksklavi va Isroil chegarasidagi maxsus bufer hududida harbiy mavjudligini saqlab qoladi. G‘azoning tinch aholisi o‘z uylariga, jumladan, janglar tufayli eng ko‘p zarar ko‘rgan shimoliy hududlarga ham qaytish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12709 | Инструменты