Avvalroq, Xalqaro jinoiy sud (XJS) Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olinishi to‘g‘risida order bergani xabar qilingandi. Isroil Prezidenti Isxak Gersog ushbu qarorga munosabat bildirdi va uni “adolat uchun qora kun” deb atadi. Bu haqda Prezident o‘zining X’dagi sahifasida ma’lum qildi.
Gersogning iddao qilishicha, mazkur qaror demokratiya va erkinlik o‘rniga terror va yovuzlik tarafini tanlashni anglatadi.
“Bu – adolat uchun qora kun. Insoniyat uchun qora kun. XJSning bu qabul qilingan g‘ayriqonuniy va jahlni chiqaruvchi qarori global adolatni global masxara darajasiga olib chiqdi. Haqiqatan ham ushbu qaror terror va yovuzlik tarafini tanlab, demokratiya va erkinlikni rad etdi va adliya tizimini insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun tirik qalqonga aylantirdi”, deb yozadi u.
Prezidentga ko‘ra, XJSning ushbu qarori asosan HAMASning jinoyatlariga huquqiy qalqon bo‘lib xizmat qiladi va global adolatning obro‘sini tushiradi.
Ma’lumot uchun, qaror 2023 yil 8 oktyabrdan 2024 yil 20 maygacha sodir etilgan "insoniyatga qarshi jinoyatlar va urush jinoyatlari” tufayli qabul qilingan. Rim statutini ratifikatsiya qilgan davlatlar XJS buyrug‘ini bajarishlari shart.
XJS ma’lumotlariga ko‘ra, sud Binyamin Netanyaxu va Yoav Galant G‘azo sektoridagi “tinch aholini omon qolish uchun zarur bo‘lgan suv, dori-darmon, oziq-ovqat, tibbiy buyumlar, yoqilg‘i va elektr energiyasidan ataylab mahrum qilgan” deb ishonish uchun asosga ega.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112217 | Инструменты