Huawei 1
Putin Donbassda maxsus harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qildi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin bugun, 24-fevral kuni yangi murojaat bilan chiqdi. U Donbassda maxsus harbiy operatsiya o‘tkazish bo‘yicha qarorni e’lon qildi.

Rossiya rahbarining fikricha, vaziyat keskin va zudlik bilan harakat qilishni talab qiladi.

“Donbass xalq respublikalari yordam so‘rab Rossiyaga murojaat qildi. Shu munosabat bilan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining 51-moddasi 7-qismiga muvofiq, Federatsiya Kengashining ruxsati bilan va Federal Assambleya tomonidan tasdiqlangan DXR va LXR bilan do‘stlik hamda o‘zaro yordam shartnomalariga muvofiq, men maxsus harbiy operatsiya o‘tkazishga qaror qildim. Uning maqsadi sakkiz yil davomida Kiyev rejimi tomonidan bezorilik va genotsidga uchragan odamlarni himoya qilishdir. Va buning uchun biz Ukrainani demilitarizatsiya va denasifikatsiya qilishga intilamiz. Shuningdek, tinch aholiga, jumladan, Rossiya fuqarolariga qarshi ko‘plab qonli jinoyatlarni sodir etganlarni ham javobgarlikka tortish maqsad qilingan”, — dedi Prezident.

Rossiya Federatsiyasi rahbari, shuningdek, Rossiya Qurolli Kuchlarining o‘z vataniga fidoyi askar va ofitserlari o‘z burchlarini professional va mardonalik bilan bajarishlariga ishonch bildirdi.

“Hukumatning barcha darajalari, iqtisodiyotimiz, moliyaviy tizimimiz, ijtimoiy sohamiz barqarorligi uchun mas’ul mutaxassislar, kompaniyalar rahbarlari va butun Rossiya biznesi muvofiqlashtirilgan va samarali harakat qilishiga shubham yo‘q”, — dedi Putin.

Uning ta'kidlashicha, Rossiyaning rejalarida Ukrainani bosib olish yo‘q. Shu bilan birga, davlat rahbari Ukraina armiyasi harbiy xizmatchilaridan qurollarini tashlab, “uylariga qaytishni” talab qildi. Bunga amal qilganlar “urush hududini to‘siqsiz tark etib, oilasi bag‘riga qaytishi” mumkin bo‘ladi, deydi Putin.

“Biz voqealarning har qanday rivojlanishiga tayyormiz. Bu borada barcha zarur qarorlar qabul qilingan. Umid qilamanki, menga quloq solishadi”, — ta’kidladi u.

Avvalroq Donetsk Xalq Respublikasi va Lugansk Xalq Respublikasi rahbarlari Denis Pushilin va Leonid Pasechnik Rossiya prezidentiga murojaat qilib, Donbassda tinch aholi qurbon bo‘lmasligi va gumanitar falokatning oldini olish maqsadida Ukraina Qurolli kuchlari agressiyasini qaytarishga yordam berishni so‘ragan edi. 

Eslatib o'tamiz, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning 21 fevral kuni o'zini o'zi e'lon qilgan DXR va LXR mustaqilligini tan olish haqidagi bayonotidan so'ng ko'plab dunyo yetakchilari Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qilgan edi. AQSh prezidenti Jo Bayden birinchilardan bo‘lib Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llanilishi haqida bayonot berdi. Yevropa Ittifoqi, shuningdek, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni joriy etib, Yevropa Ittifoqining moliyaviy va kapital bozorlariga kirishni cheklamoqda. Shuningdek, Buyuk Britaniya ham Rossiyaning beshta banki va uch nafar rossiyalikga nisbatan sanksiyalar joriy etilganini eʼlon qildi. Bundan tashqari, Kanada, Yaponiya va Avstraliya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101621 | Инструменты