Huawei 1
Starship raketasining yettinchi parvozi muvaffaqiyatsiz yakunlandi

Tarixdagi eng kuchli va eng og‘ir raketa Starship'ning yettinchi sinov parvozi muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Bu haqda 16 yanvar, payshanba kuni SpaceX kompaniyasi xabar berdi.

Yuqori pog‘ona portladi, pastki qismi yerga qaytdi

Raketa Texasning Boka-Chika shahridagi kosmodromdan uchirilgan. Super Heavy'ning qayta foydalanish mumkin bo‘lgan birinchi bosqichi kemani orbitaga olib chiqdi, shundan so‘ng u Yerga qaytib, uchirish maydonchasiga qo‘ndi. Yuqori pog‘ona osmonda ajralib chiqdi, barcha oltita Raptor dvigatellari yondi. Ammo keyin kema bilan aloqa uzilib, u quladi. 

«Ajralganidan so‘ng, Starship yuqori pog‘onasi barcha oltita Raptor dvigatelini muvaffaqiyatli yoqdi va kosmosga ko‘tarilish uchun tayyorlandi. Uchirish tugashidan oldin, parvozning taxminan 8,5 daqiqasida u bilan telemetriya yo‘qoldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kemaning orqa qismida yong‘in sodir bo‘lgan, bu esa chiqindilarning Atlantika okeaniga tushishi bilan tez, rejalashtirilmagan parchalanishga olib keldi», deb xabar berdi milliarder Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi. Uning qayd etishicha, ular hozirdanoq halokat sabablarini o‘rganib, sakkizinchi parvozga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

«Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kema dvigatelining himoya devori ustidagi bo‘shliqda kislorod/yonilg‘i sizib chiqqan. Bu ventilyatsiya teshigi sig‘imidan oshib ketadigan bosim hosil qilish uchun yetarlicha katta edi. Sizib chiqish bo‘yicha ikki marta tekshirishdan tashqari, biz bu hajmni bostirish uchun o‘t o‘chirish tizimini qo‘shamiz, ehtimol, ventilyatsiya teshigining maydonini ko‘paytiramiz», dedi Mask. Uning so‘zlariga ko‘ra, sakkizinchi sinov parvozi yaqin oylarda bo‘lib o‘tadi.

Starship — tarixdagi eng katta raketa

Starship — tarixdagi eng katta va eng kuchli raketa. SpaceX ma’lumotlariga ko‘ra, kema odamlar va yuklarni Yerning past orbitasiga, Oy va Marsga yetkaza oladi. Tizimning umumiy taxminiy yuk ko‘tarish quvvati 150 tonnani tashkil qiladi.

Qayta foydalanish mumkin bo‘lgan Starship tizimi 70 metrli Super Heavy birinchi pog‘onasi va qo‘shimcha dvigatellarga ega 50 metrlik Starship kosmik kemasidan iborat.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11718 | Инструменты