AQSh prezidenti Donald Tramp amerikalik rasmiylar bilan uchrashib, Ukrainaga oid choralarni ko‘rib chiqadi va ehtimoliy qarorlar qabul qiladi. The New York Times (NYT) xabariga ko‘ra, ushbu uchrashuv bugun, 3-mart kuni bo‘lib o‘tadi va natijada Kiyevga harbiy yordam to‘xtatilishi mumkin.
Uchrashuvda Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchilari, shuningdek, AQSh davlat kotibi Marko Rubio va mudofaa vaziri Pit Xegset ishtirok etadi. NYT manbalaridan birining ta’kidlashicha, muhokamalar davomida Ukrainaga harbiy yordam, jumladan, o‘q-dorilar va harbiy texnika yetkazib berishni to‘xtatish yoki bekor qilish masalalari ko‘rib chiqiladi. Ushbu yordam avvalgi prezident Jo Bayden ma’muriyati tomonidan tasdiqlangan va moliyalashtirilgan edi.
O‘tgan hafta NYT va The Washington Post gazetalarida AQSh Ukrainaga yordamni to‘liq to‘xtatishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. Bunday ssenariy Tramp va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi jamoatchilik oldidagi tortishuvdan keyin muhokama qila boshlandi. Zelenskiy 28-fevral kuni Oq uyda foydali qazilmalar bo‘yicha shartnoma imzolash uchun uchrashuvga kelgan edi. Biroq ikki prezidentning uchrashuvi bahsga aylanib, harbiy mojaroni hal qilish bo‘yicha kelishmovchilik tufayli muzokaralar muddatidan oldin to‘xtatilgan. Natijada shartnoma imzolanmadi va Ukraina delegatsiyasi Vashingtonni tark etdi.
2025-yil fevral holatiga ko‘ra, AQSh Kongressi Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun 182,8 milliard dollar ajratishni tasdiqlagan. Ushbu mablag‘dan 123,9 milliard dollari bevosita harbiy yordam uchun yo‘naltirilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 30319 | Инструменты