Huawei 1
Vladimir Putin Ukraina bilan muzokara o'tkazish shartlarini e'lon qildi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskva Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazishga tayyor ekanini, ammo uni yakuniy tinchlik bitimini imzolashi mumkin bo‘lgan legitim prezident deya hisoblamasligini ma’lum qildi.

«Har kim bilan muzokaralar o‘tkazish mumkin, ammo u (Zelenskiy) nolegitim bo‘la turib, biror narsaga imzo chekishga haqli emas. Agar u muzokaralarda ishtirok etmoqchi bo‘lsa, men ushbu muzokaralarni olib boradigan odamlarni ajrataman», — deydi Putin VGTRK muxbiri Pavel Zarubinga.

Putin, shuningdek, muzokaralar boshlanishidan oldin Zelenskiyning Rossiya hukumati bilan muzokara olib borishni taqiqlovchi farmoni bekor qilinishi kerakligini ta’kidladi. Uning fikricha, Ukraina prezidentining o‘zi buni amalga oshira olmaydi, chunki u nolegitim — biroq Oliy rada raisi buni qila oladi.

Putin yana bir bor «g‘arbdagi homiylar» urushni to‘xtatishni istayotgani, ular Ukrainaga bosim qilishi va «huquqiy masalalarni yopishi» mumkinligi to‘g‘risidagi qarashlarini bildirdi.

Zelenskiy 2022 yil oktyabrda Putin bilan muzokaralar o‘tkazishni taqiqlovchi farmonni imzolagan edi. 2025 yil 26 yanvar kuni Zelenskiy uning farmoni o‘zidan boshqa hamma uchun muzokaralarni taqiqlashni nazarda tutganini ma’lum qildi.

«Men Ukraina prezidentiman, men u yoki bu muzokaralar yetakchisiman va men boshqalarga taqiqlaganman», — dedi u.

Vladimir Zelenskiyning besh yillik prezidentlik vakolati 2024 yil mayda yakuniga yetgan — shundan beri Rossiya propagandasi va hukumati uning «nolegitimligi» to‘g‘risidagi tezislarni ilgari surib keladi. Ukrainaning o‘zida bu borada konsensus mavjud, urush davom etarkan, Zelenskiy davlat rahbariligicha qoladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 13013 | Инструменты