Los-Anjyeles okrugida kuchli yog‘ingarchilikdan keyin suv toshqinlari va ko‘chkilar boshlandi. Bu keng ko‘lamli yong‘inlardan bir oy o‘tib sodir bo‘lmoqda, deb yozadi New York Post. Meteorologlarning ogohlantirishicha, loy, tosh va suv oqimi insonlar hayotiga xavf tug‘dirishi, yo‘llarga, uylar va drenaj tizimiga zarar yetkazishi mumkin.
Tabiiy ofatdan ayniqsa, Hollivud tepaliklari, Pasifik-Paliseyds va Altadend hududlari ko‘proq zarar ko‘rgan. Tinch okeani shossesida tosh va loy uyumlari paydo bo‘lgan. Chorrahalardan biri butunlay to‘silib qolgan — loy qatlami qariyb 1,2 metrga yetadi.
Ko‘plab hududlar, jumladan, Malibu, San-Fernando vodiysi, Los-Anjyeles markazi xavf ostida. Meteorologlar yaqin soatlar ichida yana 3 santimetrgacha yog‘ingarchilik kuzatilishini, bu vaziyatni yanada yomonlashtirishi mumkinligini prognoz qilmoqda.
Kuni kecha Los-Anjyeles meri Karen Bass o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasi orqali yog‘ingarchilik juma kuniga qadar davom etishini ma’lum qilib, aholini yangi suv toshqinlari va kuchli shamolga tayyor turishga chaqirgan edi. Fuqarolarga uydan chiqmaslik, daraxtlarga yaqinlashmaslik va yo‘llarda imkon qadar harakatlanmaslik tavsiya qilinmoqda.
Yanvar oyida shahar o‘rmon yong‘inlaridan katta zarar ko‘rgandi. Mutaxassislar yong‘in yetkazgan zararni 95 milliarddan 164 milliard dollargacha baholagan. 16,2 ming inshoot kulga aylangan, kamida 29 kishi halok bo‘lgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21512 | Инструменты