Vladimir Zelenskiy Myunxenda AQSh bilan Ukrainadagi barcha foydali qazilmalar zaxirasining yarmini Qo‘shma Shtatlarga berishni nazarda tutuvchi kelishuvni imzolashdan bosh tortdi. Bu haqda The Washington Post jurnalisti Josh Rogin xavfsizlik bo‘yicha Myunxen konferensiyasida ishtirok etgan amerikalik kongressmenlarga tayanib xabar berdi.
«Myunxendagi bir nechta kongressmenning aytishicha, AQSh delegatsiyasi Zelenskiyga u imzolashini istashgan qog‘ozni topshirishgan. Ushbu hujjat orqali AQSh Ukrainaning kelajakdagi barcha foydali qazilmalar zaxirasining 50 foiziga egalik qilishi ko‘zda tutilgan. Zelenskiy xushmuomalalik bilan unga imzo chekishdan bosh tortdi», — deydi Rogin.
Reuters agentligi manbalarining ma’lum qilishicha, Zelenskiy Myunxenda amerikalik senatorlar guruhi bilan uchrashuv davomida AQSh tayyorlagan kelishuvdan xavotirda ekanini bildirgan.
«[Zelenskiy] undan tanishib chiqishga imkoniyati bo‘lmagan hujjatni asossiz imzolashni talab qilishayotganini his qildi», — deya ta’kidlaydi agentlik suhbatdoshlaridan biri.
Manbaga ko‘ra, Zelenskiy Ukraina mamlakat konstitutsiyasiga asoslangan o‘z taklifini tayyorlashini aytgan. Qayd etilishicha, Kiyev vakillari 14 fevral kuni foydali qazilmalar bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvga oid o‘z takliflarini AQShga topshirgan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 14 fevral kuni Myunxenda AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda, shuningdek, davlat kotibi Marko Rubio va Trampning maxsus vakili Kit Kellog ham ishtirok etgan. «Jamoalarimiz hujjat ustida ishlashni davom ettiradi», — dedi Zelenskiy muzokaralardan keyin.
Donald Tramp bir necha bor Kiyevga ko‘rsatilgan Amerika yordami evaziga Ukrainaning 500 milliard dollarlik noyob metallarini qo‘lga kiritishni istashini aytgan. Aftidan, gap titan, uran va litiy haqida ketmoqda. Trampning ta’kidlashicha, AQSh Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik kelishuvi muvaffaqiyatli tuzilishidan qat’i nazar, Ukraina tabiiy resurslaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Zelenskiy Ukraina ko‘rsatilayotgan yordam evaziga g‘arbdagi sheriklari bilan foydali qazilmalarni birgaliklikda olishga ochiq ekanini ma’lum qilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21522 | Инструменты