Prezident qarori bilan 2019-2038-yillar davomida “Petomaruz Uzbekistan” MCHJ Surxondaryo viloyatida 145 mln dollar jalb qiladi. Hokimlik xabariga ko'ra, mazkur mablag'larga viloyatdagi neft va gaz konlarida neft qazib olishni ko‘paytirish va uglevodorodlarni chuqur qayta ishlash asosida yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi amalga oshiriladi.
Loyiha doirasida xorijiy korxona tomonidan yillik 255 ming tonna neft mahsulotlari qazib olish va qayta ishlashni amalga oshirish rejalashtirilgan. 2022-yilda korxona tomonidan 115,5 ming tonna neft qazib olingan. Shundan 23,2 ming tonna benzin, 31,3 ming tonna uchoq yoqilg‘isi hamda 61,0 ming tonna yo‘lbop bitum ishlab chiqarilgan. Hozirgi kunda korxonada 1 ming 550 nafar ishchi-xodimlar faoliyat yuritmoqda.
Bugun viloyat hokimi Jarqo‘rg‘on tumanida bo‘lib, ushbu xorijiy korxona faoliyati bilan tanishdi va mavjud muammolar o‘rganildi. Korxona tomonidan hududlardagi kon va quduqlardan neft qazib olish hamda qayta ishlash jarayonlarida elektr energiyasi ta’minotidagi muammolar mavjud. Ushbu muammoni bartaraf etish uchun 15 MVtlik quyosh elektr stansiyasi qurilishi talab etilmoqda. Mutasaddilar bilan xorijiy korxonada quyosh elektr stansiyalarini o‘rnatish loyihasi muhokama qilindi. Mutaxassislarning loyiha yuzasidan taklif va tavsiyalari tinglandi.
Mas’ullarga korxonaning to‘liq quvvatda ishlashini ta’minlash uchun elektr energiyasi va qo‘shimcha gaz kondensati bilan ta’milash bo‘yicha muammolarini batafsil, mutaxassislar ishtirokida o‘rganib chiqib, taklif kiritish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Hozirgi energiya resurslari hamda neft mahsulotlariga bo‘lgan talabni inobatga olgan holda kiritilayotgan takliflarni har tomonlama puxta ishlab chiqish, yashil energiyadan foydalanishni yo‘lga qo‘yishga e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21008 | Инструменты