14-fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan muloqot qildi.
Bugungi kunda mafkuraviy xavf-xatarlar allaqachon kibermakonga ko‘chib o‘tgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan yoshlarimizda internetdan foydalanish madaniyatini yana-da yuksaltirish, ular yolg‘on maʼlumotlar qurboniga aylanishi, dunyoqarashi salbiy g‘oyalar taʼsirida shakllanishini oldini olish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Farzandlarimizning maʼnaviy tarbiyasi va mafkuraviy immunitetini kuchaytirish, ularni yot g‘oyalardan asrash har birimizning vazifamizga aylanishi shartligi taʼkidlandi.
Shu bois mutasaddilarga yoshlarning mafkuraviy xavfsizligini taʼminlash, ularni dardiga malham bo‘lib, muammosini hal qilib, turli g‘oyaviy xurujlardan asrash, zararli axborotlardan himoya qilish ishlarini kuchaytirish topshirildi.
Ilm-fan va taʼlim yo‘nalishidagi foydali mahalliy internet resurslari reyestri shakllantirilib, ulardan bepul internet tarmog‘i orqali foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.
Nuroniylarimiz ishtirokida “Ajdodlar merosiga munosib avlod” g‘oyasi ostida yoshlarni birlashtirish bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi. Shuningdek, yoshlarda vatanparvarlik hissini oshirish maqsadida “Men buyuk el farzandiman” umummilliy harakatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yoshlarning tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirishda badiiy adabiyotning roli juda katta ekani taʼkidlandi. Bundan qirq yil oldin ustoz shoir Erkin Vohidov tashkil etgan “Yoshlik” jurnali faoliyatini kuchaytirib, uni yana yoshlarimiz sevib o‘qiydigan jurnalga aylantirish muhimligi taʼkidlandi.
Tarbiyasi og‘ir yoshlar bilan ishlash bo‘yicha tizim yaratilgani natijasida salkam 1 million ushbu toifadagi yoshlarning ijtimoiy, iqtisodiy va maishiy muammolari hal qilindi.
Joriy yilda ham 150 mingga yaqin yoshlar vazirlik va hududdagi rahbarlarga nomma-nom biriktiriladi. Bu rahbarlar yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishi, kasbga va xorijiy tillarga o‘rgatish, ishga joylashtirish, tadbirkorlik qilishi uchun yordam ko‘rsatishga masʼul bo‘ladi.
Yoshlar agentligining tuman bo‘limlari yoshlar yetakchilari bilan birga o‘z harakat dasturini ishlab chiqadi.
Hokimlar esa yoshlar muammolarini hal qilish, bandligini taʼminlash bo‘yicha har oy ular bilan uchrashish tizimini joriy qiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31412 | Инструменты