Huawei 1
MDH ishtirokchi davlatlari adliya vazirlari Toshkentda yig‘ildi

Toshkent 17 oktyabr kuni yuridik diplomatiya markaziga aylandi. Toshkentda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) ishtirokchi davlatlari Adliya vazirlari kengashining 18-majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda Belarus, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston adliya vazirlari ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, globallashuv va davlatlararo aloqalarning kuchayishi sharoitida MDH mamlakatlari huquqiy sohada faol muloqot va hamkorlikni talab etadigan yangi muammolarga duch kelmoqda. Adliya vazirlari kengashi ishtirokchi mamlakatlar faoliyatini muvofiqlashtirish, huquqiy bazani mustahkamlash va qonunchilikni rivojlantirishda muhim rol o‘ynamoqda. Bu fuqarolar huquqlarini yana-da samarali himoya qilish, huquqiy xizmatlar sifatini oshirish va xalqaro majburiyatlarni bajarishga xizmat qiladi.

Mintaqaviy va global muammolar kuchayib borayotgan bir paytda O‘zbekiston poytaxtida o‘tkazilgan ushbu uchrashuv nafaqat dolzarb masalalarni muhokama qilish maydoni, balki MDH mamlakatlarining huquqiy tizimini sezilarli darajada o‘zgartira oladigan strategik yechimlarni ishlab chiqish maydoniga aylandi.

Toshkentdagi majlis qo‘shma tashabbuslarni muhokama qilish, milliy darajada qabul qilingan muvaffaqiyatli amaliyotlar va huquqiy qarorlar bilan o‘rtoqlashish imkoniyatini berdi. Ishtirokchilar Hamdo‘stlik makonida huquqiy maʼrifat, jumladan, yoshlarni huquqiy tarbiyalash, mahalliy davlat hokimiyati organlarining yuridik xizmati sifatini oshirish kabi keng ko‘lamli masalalarni ko‘rib chiqdilar.

Bir qator muhim tashkiliy masalalar muhokama qilindi. Xususan, Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Adliya vazirlari kengashidagi raisligi yakunlari sarhisob qilindi, ilgari qabul qilingan qarorlar ijrosining borishi ko‘rib chiqildi.

Kun tartibidagi asosiy masalalardan biri O‘zbekiston Respublikasining MDHga aʼzo davlatlar adliya vazirliklari o‘rtasida axborot almashishning elektron tizimini yaratish konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha tashabbusini muhokama qilish bo‘ldi.

Yagona elektron tizimni yaratish so‘rovlarning samaradorligi va tezkorligini oshirish, hujjatlarni qayta ishlash, ijro etish va saqlash ustidan nazoratni kuchaytirish, hujjatlarni yo‘qotish holatlarini bartaraf etishga qaratilgan. Bu tarqoq hujjatlar oqimini yagona tizimga birlashtirish, hujjat yaratish vazifasidan tortib, uni arxivga topshirish va saqlashni taʼminlashgacha bo‘lgan hujjat aylanishining butun jarayonini qamrab olish, pirovardida vaqtni tejash imkonini beradi.

Umuman olganda, ushbu tashabbus Hamdo‘stlik makonida huquqiy hamkorlikni jadallashtirishga, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyoti samaradorligini oshirishga qaratilgan. Bunda Yagona elektron tizimni yaratish davlat siri yoki boshqa himoyalanuvchi axborotni o‘z ichiga olgan maʼlumotlarni almashishni nazarda tutmaydi.

MDH ishtirokchi davlatlari adliya vazirlari kengashining 2025 yilga mo‘ljallangan asosiy tadbirlar rejasi, 19-yig‘ilish kun tartibi loyihasi tasdiqlandi. Xususan, 2025 yilda Kengash ishchi guruhlari va organlarining yig‘ilishlari bilan bir qatorda “Tashkent Law Spring” IV Xalqaro yuridik forumini o‘tkazish, notariat vakillari uchun stajirovkalar, MDHga aʼzo davlatlarning stajyorlari va yosh advokatlari uchun vebinarlar turkumini tashkil etish rejalashtirilgan.

Ekspertlarning fikricha, Toshkent majlisi natijalari MDH huquqiy tizimlaridagi keyingi o‘zgarishlarning turtki bo‘lishi mumkin. Qabul qilingan qarorlar mamlakatlar ichida ham, xalqaro maydonda ham qonunchilik, huquqni qo‘llash amaliyoti va institutsional hamkorlik rivojiga taʼsir ko‘rsatadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101718 | Инструменты