Huawei 1
O‘zini o‘zi band qilish tartibida mehnat faoliyatini amalga oshirishning ayrim masalalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborilmoqda

Senatning 54-yalpi majlisida o‘zini o‘zi band qilish tartibida mehnat faoliyatini amalga oshirishning ayrim masalalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

2020-yilda aholini tadbirkorlik faoliyatiga yana-da keng jalb qilish va qonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish maqsadida mamlakatimizda o‘zini o‘zi band qilish instituti joriy etildi.

Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan aholining murojaatlaridan kelib chiqib, o‘zini o‘zi band qilish, xususan, fuqarolar tomonidan ijtimoiy soliq to‘lash orqali pensiya uchun zarur mehnat stajini hisobga olish borasidagi ishlar holati o‘rganildi.

O‘zini o‘zi band qilish tizimi “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonun, Soliq kodeksi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va boshqa normativ hujjatlar bilan tartibga solingan.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan 100 dan ziyod faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari mavjud.

Soliq kodeksiga muvofiq o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyati natijasida olingan daromadlari jismoniy shaxslar jami daromadlari tarkibiga kiritilmaydi.

Soliq kodeksning 408-moddasiga asosan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun yiliga bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir baravari miqdorida ijtimoiy soliq ixtiyoriy ravishda to‘lanadi. Shuningdek, ushbu moddaga ko‘ra o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ijtimoiy soliq to‘lovini hisobot yilining 1-dekabrigacha amalga oshiradi.

Joriy yilning 6 oy davomida o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar soni oshdi.

Aholining murojaatlari va tahlillar tizimda baʼzi muammolar borligini ko‘rsatdi. Xususan, 2020–2023 yillarda ro‘yxatga olinganlarning faqatgina 13 foizi ijtimoiy soliq to‘lovini amalga oshirgan.

Shuningdek, 2023-yilda aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 65 mingga yaqin fuqarolarga o‘zini o‘zi band qilish uchun davlat tomonidan moliyaviy ko‘mak, yaʼni 313 mlrd so‘m subsidiya ajratilgan bo‘lib, daromad olish manbai yaratilgan bo‘lsa-da, ushbu fuqarolar tomonidan ijtimoiy soliq to‘lovi darajasi pastligicha qolmoqda.

Bundan xulosa qilishimiz mumkinki, o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar tomonidan ijtimoiy soliq to‘lamaslik kelajakda ularning ijtimoiy himoyalanishi holati pasayishiga, yaʼni yoshga doir pensiya olish huquqidan mahrum bo‘lishiga olib keladi.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan kam miqdorda soliq to‘langan hollarda ularga tegishli yil uchun mehnat staji hisoblanmayapti va ayni paytda to‘langan summani soliq to‘lovchiga qaytarish amaliyoti ham yo‘lga qo‘yilmagan.

Norasmiy mehnat nafaqat mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy salbiy taʼsir etadi, balki inson hayoti va sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yadi, qariganda yoki mehnatga layoqatsiz bo‘lib qolganda ijtimoiy himoyasiz qoldiradi.

Maʼlumki, Soliq kodeksining 408-moddasiga binoan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar hisobot yilining 1 dekabrigacha to‘lovni amalga oshirishi belgilangan. Amalda mazkur sanadan keyin (1–31 dekabr oralig‘ida) soliq to‘lagan shaxslarga tegishli yil uchun mehnat staji hisoblanmagan.  

Vazirlar Mahkamasiga yuborilayotgan parlament so‘rovida aholini qiynayotgan masalalarga yechim topish, qonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga qulaylik yaratish so‘ralmoqda.

Muhokama so‘nggida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102301 | Инструменты