Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 24 fevraldagi 110-sonli qaroriga muvofiq qurilish obyektlarini ro‘yxatga olish muddati 2025 yilning 1 iyuliga qadar uzaytirildi.
Bugungi kunda respublika bo‘yicha 2 ming 500 dan ortiq ijtimoiy, infratuzilma va ishlab chiqarish obyektlari, ko‘p qavatli va yakka tartibdagi uy-joylarda qurilish-montaj ishlari ro‘yxatdan o‘tmagan holda amalga oshirilgan.
Vazirlar Mahkamasining 200-son qarori 5-ilovasiga muvofiq Qurilish ishlarini ro‘yxatga olish jarayonlari davrida qurilish obyektining kengash xulosasi, qurilish ishlari loyiha talablari asosida bajarilgani, ijobiy ekspertiza xulosasi, shu bilan birga binoning texnik ko‘rikdan o‘tgani to‘g‘risidagi ijobiy xulosalar oligani obyektni ro‘yxatga olish uchun asos bo‘lishi belgilangan.
–Yuqoridagi ushbu tartib 2025 yil 24 fevral sanasidan keyin o‘zboshimchalik bilan qurilgan noqonuniy qurilish obyektlariga tatbiq etilmaydi va ushbu qurilish obyektlari ro‘yxatga olinmasligini eslatib o‘tamiz, – deydi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati rahbari Saidnosir Usmonov. – Inspeksiyani xabardor qilmasdan o‘zboshimchalik bilan noqonuniy tartibda qurilish-montaj ishlarini olib borish Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli bandlariga asosan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Shu o‘rinda sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqida mulohaza. Mamlakat qurilish sohasidagi jarayonlarni samarali va shaffof boshqarish maqsadida yangi qurilishlarda davlat nazorati tizimi joriy etilganidan xabaringiz bor.
Xo‘sh, ushbu tizimning o‘ziga xos yangiligi va imkoniyatlari nimada?
– Ushbu tizim bilan qurilish jarayonlari bosqichma-bosqich tekshiriladi va har bir ish turi uchun to‘ldiriladigan savolnomalar orqali sifat nazorati amalga oshirilib, hujjatlashtirish jarayoni soddalashtiriladi, – dedi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati rahbari Saidnosir Usmonov. – Tizim qurilish korxonalarining holatini avtomatik baholaydi va reytingi past bo‘lgan yoki talabga javob bermaydigan korxonalarga ruxsatnoma bermaydi.
Muhim yangiliklardan yana biri - har bir ob’ekt uchun QR-kodli pasport joriy etildi. Ushbu kod orqali obyekt haqidagi barcha ma’lumotlarni real vaqt rejimida olish mumkin. Bu respublikadagi barcha fuqarolar va jamoat nazorati vakillariga qurilish ob’ektlari holatini qulay tarzda kuzatish imkonini beradi.
Obyektni foydalanishga qabul qilish jarayoni ham ancha soddalashtirildi. Eski tizimdagi 27 ta savolnoma bandi o‘rniga, yangi tizimda faqat 7ta band qoldirilib, jarayonni tezlashtirish va ortiqcha kechikishlarning oldini olishga yordam beradigan tizim ishga tushdi.
Qurilish ishtirokchilari uchun interaktiv va qulay kabinetlar ishlab chiqildi. Har bir kabinet foydalanuvchiga moslashtirilgan bo‘lib, bu orqali ichki nazorat, texnik nazorat, mualliflik nazorati va inspektorlar uchun alohida imkoniyatlar taqdim etilmoqda.
Qurilish jarayonlari tizim orqali raqamlashtirilib, qo‘shimcha ravishda obyektlar real vaqt rejimida kuzatib boriladi. Ya’ni, inspektor obyektni joyiga chiqib monitoring qilish bilan birga, elektron hujjat va fotosuratlar orqali obyektning holati bo‘yicha qo‘shimcha o‘rganishlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Barcha xulosa, yozma ko‘rsatma va tasdiqlar elektron hujjat aylanishi orqali amalga oshirilmoqda. Bu esa qog‘oz hujjatlariga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirib, jarayonlarni tezlashtirishga yordam beradi. Eng muhimi, qurilish jarayonlari “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimiga integratsiya qilinib, jarayonlarning shaffofligi oshirildi va korrupsiya xavfi kamaytirildi.
Umuman olganda yangi tizim qurilish jarayonlarini shaffoflashtirish, sifat nazoratini kuchaytirish va jarayonlarni soddalashtirishga xizmat qiladi. Bu innovatsion yechimlar quruvchilar va nazorat organlari uchun qulaylik yaratib, obyektni o‘z vaqtida va sifatli tayyorlab foydalanishga topshirishga imkon beradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31412 | Инструменты