Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi "Quramax Medikal" hamda "Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi" MCHJ mas’ul shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ta’kidlash lozim, Hindistonda ishlab chiqarilgan "Dok-1 Maks" va "Ambronol" dorilarining nojo‘ya ta’siri oqibatida, hozirga qadar "o‘tkir buyrak yetishmovchiligi" tashxisi bilan davolangan 19 nafar bemor bolalar hayotdan ko‘z yumgan.
"Quramax Medikal" MCHJ tomonidan mamlakatimizga import qilingan ushbu preparatlar "Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi" MCHJ tomonidan laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilgan hamda ularga muvofiqliq sertifikatlari rasmiylashtirilgan.
Dastlabki tergov harakatlari davomida aniqlanishicha, dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi mas’ul xodimlari tomonidan me’yoriy-huquqiy hujjat talablari qo‘pol ravishda buzilib, ushbu dori vositalari belgilangan tartibda laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilmaganligi natijasida, sifatsiz preparatlarning sotuvga chiqarilishiga yo‘l qo‘yilgan.
Jinoyat ishi doirasida "Quramax Medikal"ning 2 nafar rahbarlari hamda "Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi"ning 2 nafar mas’ul xodimlari gumonlanuvchi shaxslar sifatida DXX Tergov hibsxonasiga tegishli tartibda joylashtirilgan.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida "Quramax Medikal" MCHJ tomonidan Hindistondan O‘zbekistonga import qilinayotgan dori vositalarining bojxona nazoratidan o‘tkazilishi to‘xtatildi hamda mamlakatimiz dorixonalaridagi bunday preparatlar yig‘ib olindi. Hozirda bu boradagi tadbirlar davom ettirilmoqda.
"Quramax Medikal" MCHJga tegishli dori vositalarini O‘zbekistonda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilganligi hamda sog‘liqni saqlash tizimidagi mutasaddi xodimlarning ushbu holat bo‘yicha amalga oshirgan harakatlarini tekshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12908 | Инструменты