Xalqimizning qadimiy tarixi, boy madaniyati va ezgu qadriyatlarini o‘zida yaqqol mujassam etgan Navro‘z bayrami yurtimizda keng nishonlanadi.
Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonova shu haqda ma’lumot berdi:
– Joriy yilda “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z” bosh g‘oyasi asosida bayram tadbirlari o‘tkazilishi belgilangan. Vazirlar Mahkamasining tegishli hujjatlariga ko‘ra, Navro‘z umumxalq bayrami tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha ichki ishlar organlari tomonidan tashkiliy, profilaktik, tezkor-qidiruv va boshqa chora - tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, respublika hududida jami 200dan ortiq obyektda bayram tadbirlari o‘tkazilishi belgilangan.
Fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida, IIV, Milliy gvardiya, FVV xodimlari va harbiy xizmatchilari, shuningdek, tibbiyot xodimlari hamda jamoatchilik vakillari safarbar etildi. Bayram tadbirlari o‘tkaziladigan barcha joylarning texnik mustahkamligi, tayyorgarlik darajasi hamkor vazirlik va idoralar bilan mukammal ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.
Tadbir o‘tkaziladigan obyektlarda 600 dan ortiq nazorat o‘tkazish joylari, psixolog xonalari tashkil etiladi. Bayram tadbirlari o‘tkaziladigan obyektlar atrofiga videokuzatuv kameralari o‘rnatilib, IIV ning monitoring va muvofiqlashtirish markaziga integratsiya qilingan.
Xalq sayllari o‘tkaziladigan joylarning atrof-hududlari jismonan, texnik va maxsus vositalar bilan to‘liq berkitiladi va kamida 150 metr uzoqlikda avtoturargohlar tashkil etilib, nazoratga olinadi. Zaruriy holatlarda ayrim ko‘cha va yo‘llarda harakatning cheklanishi sababli, aylanma yo‘llar tashkil etiladi.
Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan joylarda bayram tadbirlari o‘tkazilishiga hamda ushbu joylardagi nosoz attraksionlar va boshqa o‘yin qurilmalarning ishlatilishiga yo‘l qo‘yilmasligi nazoratga olingan. Har bir tadbir ob’ektida mahalliy hokimlik, sog‘liqni saqlash va boshqa idora va tashkilotlar vakillarining navbatchiligi tashkil etiladi.
Bayram tadbirlari o‘tkazilayotgan vaqtda elektroenergiya, gaz, suv, obodonlashtirish va boshqa mutasaddi tashkilotlar har qanday vaziyatga shay holatda bo‘lishi hamda tunu-kun navbatchiligi tashkil etilishi belgilangan.
Shuningdek, bayram munosabati bilan Toshkent shahar hamda respublikaning barcha yirik shaharlari va tuman markazlarida joylashgan dehqon bozorlari, yirik savdo komplekslari va chakana savdo shoxobchalarida tashkil etilgan “Maxsus yarmarka savdolari” atrofida jamoat tartibini saqlash va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash choralari tashkil etilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31817 | Инструменты