Huawei 1
Noqonuniy sunʼiy to‘siqlar o‘rnatish, yo‘llarni to‘sib qo‘yish holatlariga javobgarlik belgilanmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi.

— Mamlakatimizda yo‘llarda harakat xavfsizligini taʼminlash, harakat ishtirokchilari uchun qulay va xavfsiz sharoitlarni yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, — dedi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashrapov. — Ammo ayrim haydovchilar tomonidan yashil hududlar, piyodalar va velosiped yo‘laklaridan yurish holatlari yuz bermoqda. Bu kabi huquqbuzarliklar bo‘yicha xalqaro tajribada maʼmuriy javobgarliklar belgilangan. Shundan kelib chiqib, ushbu qonun loyihasida transport vositalarini trotuarlardan, velosiped yo‘lkalaridan, yashil hudud maydonlaridan yurgizishning oldini olishga qaratilgan normalar belgilanmoqda.  

Shuningdek, aholi tomonidan noqonuniy ravishda yo‘lning qatnov qismiga to‘siqlar o‘rnatish yoki yo‘llarni to‘sib qo‘yish, transport vositalari va fuqarolarning harakatiga to‘sqinlik qilish holatlariga chek qo‘yish uchun javobgarlik choralari nazarda tutilmoqda. Bu kabi holatlar bo‘yicha ham xalqaro tajriba o‘rganilganda, ko‘plab davlatlarda javobgarlik masalalari ko‘zda tutilganiga guvoh bo‘ldik.  

Qonun loyihasining qabul qilinishi yo‘llarda harakat ishtirokchilari xavfsizligini taʼminlash, ularning erkin harakatlanishiga sharoit yaratish, haydovchilarning masʼuliyatini oshirish va turli yo‘l harakatiga oid falokatlarning oldini olishga xizmat qiladi.  

Majlisda qonun loyihasi bo‘yicha deputatlar ayrim savollarni o‘rtaga tashladi va masʼullar tegishli javoblar qaytardi. Shundan so‘ng loyiha birinchi o‘qishda qabul qilindi.  

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121223 | Инструменты