Huawei 1
O'zbekistonda tibbiyot xodimlarini ham "bodi kamera" bilan ta’minlash taklif qilinmoqda

Shifokorlarga “hayotimiz posbonlari”, “oq xalatli najotkorlar” deya ta’rif beramiz. Ammo, afsuski, so‘nggi paytlarda ushbu soha vakillarini haqoratlash, faoliyatiga to‘sqinlik qilish va hatto ularga qo‘l ko‘tarish bilan bog‘liq noxush holatlar tez-tez kuzatilmoqda.

Bu kabi ko‘ngilsizliklarning oldini olish maqsadida ayni paytda parlament quyi palatasida “Tibbiyot xodimining faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamalardan o‘tkazilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qizilgul Qosimova qonunchilikka kiritilayotgan bu o‘zgartishlar haqida quyidagi fikrlarni bildirdi:

"Tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish bilan bog‘liq holatlar jamiyatimizdagi illatlardan biriga aylanib borayotgani juda achinarli. Buning oldini olishda eng samarali yo‘l noqonuniy xatti-harakatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish, deb hisoblayman.

Fikrimcha, basharti shaxs ayni vaqtda jamoat tartibini buzayotgani va jamiyatga nisbatan ochiqdan-ochiq hurmatsizlik qilayotganini ham yaqqol anglagan bo‘lsa, qilmish bezorilik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim.

Shu maqsadda Jinoyat kodeksining bezorilik uchun javobgarlikni ko‘zda tutuvchi normasiga jinoyatning o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarayotgan shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga nisbatan sodir qilganini nazarda tutuvchi qo‘shimcha band kiritish kerak, deb o‘ylayman.

Ushbu bandda nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybdor, deb topilganlar uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin bo‘ladi. O‘z o‘rnida bu katta profilaktik ta’sir kuchini ko‘rsatadi.  

Shu bilan birga, ko‘chada “Tez yordam" mashinasiga yo‘l bermaslik holatlariga nisbatan ham jarimalar hajmini ko‘paytirish kerak. Xususan, “tibbiyot xodimi”, “tibbiy yordam” kabi tushunchalarga ta’rif berilib, tibbiyot xodimlari faoliyatiga aralashganlik qonunchilikda tegishli tartibda javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilanishi zarur.

Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks tibbiyot xodimi faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi me’yor bilan to‘ldirilishi ham turli huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.  

Nazarimda, tibbiyot xodimlari ham “bodi kamera” bilan ta’minlanishi lozim. Masalan, ichki ishlar organlari xodimlarida ana shunday moslamalar mavjud. Bu orqali fuqarolarning ham, tibbiyot xodimining ham mas’uliyati oshadi, zo‘ravonliklarga barham beriladi, deb o‘ylayman", deya o'z fikrini bildirdi deputat. 

Eslatib o'tamiz, bundan oldin bir necha holatda shifokorlar kaltaklanayotgani bilan bog'liq xabarlar bergan edik. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100902 | Инструменты