Huawei 1
Sogʻliqni saqlash vazirligi ogohlantirildi

Qonunchilik hujjatlari talablariga koʻra dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazilishida intellektual mulk huquqlariga qatʼiy rioya etilishi kerak.

Biroq Adliya vazirligi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida 2023-yilda 21 ta holatda, 2024 yilning oʻtgan davrida 16 ta holatda dori vositalari intellektual mulk huquqlariga rioya qilmagan holda davlat roʻyxatiga olinganligi aniqlandi.

Jumladan, isteʼmolchilarga yaxshi tanish boʻlgan “MAGNE B6”, “IMUDON”, “SMEKTA”, “DUSPATALIN”, “ELEVIT” kabi tovar belgilari ostida ishlab chiqariladigan dori vositalarining kontrafakt nusxalari “Magne B6”, “Nest Imudon”, “Smecta”, “Grand Imudon”, “MER DUSPATANIM”, “ELEMALVIT” koʻrinishida turli farmatsevtika korxonalari nomiga intellektual mulk huquqlariga rioya qilmagan holda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.

Shu sababli Sogʻliqni saqlash vazirligiga ogohnoma kiritilib, dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalarni davlat roʻyxatdan oʻtkazilishida qonunchilik hujjatlari talablari buzilishini oldini olish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar koʻrish lozimligi, bunday holatlar takroran sodir etilganda qonunchilikda belgilangan jazo choralari qoʻllanilishi haqida ogohlantirildi.

Eslatib oʻtamiz, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunga asosan dori vositalarini, tibbiy buyumlarni va tibbiy texnikani davlat roʻyxatidan oʻtkazish Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshiriladi hamda qalbakilashtirilgan va Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan dori vositalarining gʻayriqonuniy nusxalarini ishlab chiqarish taqiqlanadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101215 | Инструменты