Dunyo miqyosida qon va qon yaratish tizimi kasalliklariga chalinish holatlari yildan yilga ortib bormoqda. Yurtimiz aholisi orasida ham bu kabi xastaliklar tez-tez uchrayapti.
Ana shunday bemorlarga gematologik va transfuziologik yordam ko‘rsatish, xastaliklarni erta bosqichda aniqlash va samarali davolash borasida Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mamlakatimizdagi yetakchi tibbiyot muassasasi hisoblanadi.
Ushbu markaz direktori Miralisher Islamov bu yerda o‘tgan yili erishilgan eng muhim yutuqlar haqida maʼlumot berdi:
— 2024 yili markazimizda birinchi marta allogen va gaploidentifik o‘zak hujayralar transplantatsiyasi amaliyoti yo‘lga qo‘yilib, 30 nafar bemorda shunday yuqori texnologik muolaja o‘tkazildi.
Kezi kelganda aytish kerakki, ilgarilari o‘tkir leykoz kasalligi bilan og‘rigan bemorlar o‘zak hujayralar transplantatsiyasi amaliyoti uchun xorijiy klinikalarga borishga majbur bo‘lishgan.
Buning uchun talab etiladigan 75 mingdan 200 ming AQSH dollarigacha bo‘lgan mablag‘ni topish esa har kimning ham qo‘lidan kelmasdi. Bugun shu turdagi amaliyotlar markaz klinikasida bepul o‘tkazilayotgani yurtdoshlarimiz uchun ayni muddao bo‘lmoqda.
Yana bir misol: o‘tgan yili markazimiz mutaxassislari tomonidan O‘zbekistonda ilk bor eng noyob operatsiyalardan biri — o‘zak hujayralar transplantatsiyasi jizzaxlik 28 yoshli bemorda o‘tkazildi.
Unga o‘tkir limfoblast leykoz tashxisi qo‘yilgan bo‘lib, shifokorlarimiz saʼy-harakati bilan gaploidentifik o‘zak hujayralarni ko‘chirib o‘tkazish muvaffaqiyatli tarzda uddalandi.
Andijon viloyatilik 22 yoshli bemorda esa o‘tkir miyeloblast leykoz kasalligi aniqlangan edi. Unda allogen o‘zak hujayralar transplantatsiyasi amalga oshirildi. Muhimi, ayni chog‘da har ikkala yurtdoshimiz ham o‘zlarini yaxshi his etmoqda.
Albatta, ushbu yutuqlar o‘z-o‘zidan bo‘lib qolgani yo‘q. Buning zamirida mutaxassislarimizning tinimsiz izlanishlari yotibdi, desak ayni haqiqat.
Jumladan, 2024 yilda markazimizda bemor va donorni kross-match ko‘rikdan o‘tkazish, sensibilizatsiyaning oldini olish uchun shisha kolonkali agglyutinatsiya texnologiyasi yordamida qon guruhlarini immunogematologik tekshirish, MASS-spektometriya va HLA genotiplash kabi usullar amaliyotga tatbiq etilgani ham shundan dalolat berib turibdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20508 | Инструменты