17 dekabr kuni E-auksion portalida Toshkent shahri ko‘chalarida pulli avtoturargohlar tashkil etish bo‘yicha takroriy auksion bo‘lib o‘tdi. Ma’lum bo‘lishicha, 25 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan auksion g‘olibi bilan shartnoma tuzilmagan.
Takroriy auksionda 62,94 mlrd so‘m narx taklif qilgan Street Systems kompaniyasi g‘olib deb topilgan.
Auksion 20 daqiqadan sal ko‘proq vaqt davom etgan va ikkita qadam bilan yakunlangan. Street Systems taklif qilgan narx – boshlang‘ich narx (57,2 mlrd so‘m)dan 10 foizga yuqori bo‘lgan.
Uch hafta oldin o‘tkazilgan auksion 2 soat-u 10 daqiqa davom etib, 22 ta qadamdan iborat bo‘lgan va unda Balcomuz 120,15 mlrd so‘m taklif bilan g‘olib deb topilgan edi. Ammo bu kompaniya bilan keyingi bosqichda shartnoma tuzilmagan.
Birinchi auksionda ham, ikkinchisida ham zaxira g‘olibi e’lon qilinmadi.
Endilikda Street Systems Toshkentning barcha tumanlarida yo‘l bo‘ylarida ajratilgan joylarda jami maydoni 262,8 ming kvadrat metr bo‘lgan pulli avtoturargohlar tarmog‘ini tashkil etishi kerak.
Poytaxt hokimining qarori bilan, to‘lovlar miqdori tarif zonalariga qarab soatiga 5 ming so‘mdan 12 ming so‘mgacha deb belgilangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121914 | Инструменты