Huawei 1
Shaxmat Olimpiadasida faqat 5 nafar grossmeyster 2800+ reyting qayd etdi. Ularning 2 tasi O‘zbekiston vakili

Hindistonning Chennai shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon shaxmat Olimpiadasi reytingida faqat besh nafar shaxmatchi 2800 lik reytingni qayd etdi. Bu haqda FIDE (Xalqaro shaxmat federatsiyasi)ning “Twitter” sahifasi ma'lum qildi.

Ushbu besh nafar shaxmatchining ikki nafari O‘zbekiston vakillari hisoblanadi. Nodirbek Abdusattorov (2803) va Jahongir Vohidov (2813) musobaqaning eng yaxshi o‘yinchilari qatoridan joy olgan. Shuningdek, ushbu ro‘yxatdan angliyalik Devid Hauell (2898), hindistonlik Gukesh Dommaraju (2867) va norvegiyalik Magnus Karlsen (2803) kabi grossmeysterlar o‘rin olgan.

Jahongir Vohidov o‘zi ishtirok etgan to‘rtinchi doskada eng yaxshi natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Abdusattorov birinchi doskada faqat Gukeshdan ortda qolgan va kumushga ega chiqqandi.

Nodirbek Olimpiadada 11 ta partiya o‘tkazib, ularda 8,5 ball to‘pladi. Vohidov esa 8 ta turda qatnashib, 6,5 ballga ega bo‘ldi. Musobaqada jami 1737 nafar shaxmatchi ishtirok etgan.

Qayd etish kerak, yuqorida keltirilgan reyting ochkolari FIDE’ning jahon reytingidan farq qiladi. Reyting yetakchisi Karlsenda 2864 ochko bor, Abdusattorov — 2688, Gukesh — 2684, Hauell — 2650, Vohidov — 2564.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Olimpiadada birorta turda mag‘lubiyatga uchramay, chempionlikni qo‘lga kiritgandi. Shuningdek, ularga chempionlik uchun 600 mln so'm pul mukofoti hamda “Equinox” rusumli avtomobil sovg'a qilingan edi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga