Huawei 1
Eronda prezident vafoti munosabati bilan besh kunlik motam e’lon qilindi

Eronning Oliy diniy rahbari Oyatulloh Ali Xomaneiy Eron prezidenti Ibrohim Raisiy vafoti munosabati bilan mamlakatda besh kunlik motam e’lon qildi. Mahalliy matbuot xabar berishicha, u Raisiy va uning atrofidagilarning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

"Men butun mamlakat boʻylab besh kunlik motam eʼlon qilaman va aziz Eron xalqiga hamdardlik bildiraman”, — deyiladi bayonotda. Mamlakatda barcha sport va madaniy tadbirlar bekor qilindi. Ommaviy axborot vositalari Telegram-kanallaridagi logotiplarning ranglarini qora va oq rangga o‘zgartirdi. Eron prezidenti Ibrohim Raisiy va unga hamrohlarning dafn marosimi 21-may kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. 

Motam e’lon qilinishi bilan bir vaqtda Oyatulloh Ali Xomaneiy Eronning birinchi vitse-prezidenti Muhammad Muxbarni ijroiya hokimiyati rahbari etib tayinladi. Uning taʼkidlashicha, Muxbar qonun chiqaruvchi va sud hokimiyatlari rahbarlari bilan birgalikda 50 kun ichida yangi prezidentni saylash boʻyicha kelishib olishi kerak. Konstitutsiya talablariga rioya etilishi qonun loyihalarini shariat va Eronning asosiy qonunlariga muvofiqligini ko‘rib chiquvchi Kuzatuv kengashi tomonidan nazorat qilinadi.

Darvoqe, Raisiy uchun motam nafaqat Eronda, balki Livanda ham e’lon qilingan. Bu haqda bosh vazir Najib Mikati ma'lum qildi. “Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy va unga hamrohlik qilayotgan delegatsiyaning fojiali oʻlimi munosabati bilan rasmiy motam uch kun davom etadi, davlat muassasalari va munitsipalitetlar ustida koʻtarilgan barcha bayroqlar uch kun davomida tushiriladi, radio va teledasturlar namoyishi qayg'uli voqeaga muvofiq o'zgartiriladi”, - deyiladi Livan hukumati rahbarining buyrug'ida.

Ibrohim Raisiy vertolyot qulashi oqibatida halok bo‘lgan voqea xronologiyasi

Avvalroq, Eron prezidenti Ibrohim Raisiy vertolyot qulashi oqibatida halok bo‘lgani haqida xabar bergan edik

Shundan so'ng, Eronning Mashhad shahridagi Imom Rizo ziyoratgohida Raisiyning  shahid bo‘lgani haqida rasman e’lon qilindi. Eron hukumati prezident vafotidan keyin bayonot berdi. Vazirlar Mahkamasi voqea munosabati bilan hamdardlik bildirdi va mamlakat boshqaruvida “buzilishlar” bo‘lmasligini ta’kidladi

Mehr agentligi xabariga ko‘ra, halokat oqibatida boshqa yo‘lovchilar ham, jumladan Eron TIV rahbari Husayn Amir Abdullohiyon, Sharqiy Ozarboyjon viloyati gubernatori Malik Rahmatiy, oyatullohning hududdagi vakili Muhammad Ali Ale-Hoshim halok bo‘lishgan.

Halokatga uchragan bortda shuningdek prezident qo‘riqchilari boshlig‘i Sayid Mehdi Musaviy, ikki uchuvchi hamda texnik zobit bo‘lishgan.

Raisiy uchgan vertolyot Ozarboyjon bilan chegara yaqinidagi tog‘li hududda qulab tushgan. 20-may tongida Amerikada ishlab chiqarilgan Bell 212 vertolyoti qoldiqlari noqulay ob-havo sharoitida o‘tkazilgan tungi qidiruv ishlaridan keyin topilgan. Eron davlat televideniyesida ma’lum qilinishicha, vertolyot tog‘dagi qoyaga borib urilgan. Eron Qizil yarim oy jamiyati rahbari Pirhusayn Kolivand davlat televideniyesi orqali qilgan chiqishida qutqaruvchilar halokat joyiga yetib borishganida «vertolyot yo‘lovchilaridan birortasi omon qolgani belgilari yo‘qligi»ni aytgandi. Qidiruv hududida 73 ta qutqaruv otryadi harakatlangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100601 | Инструменты