Huawei 1
Isroil falastinlik mahbuslarni ozod qilish kechiktirish sababini aytdi

Isroil 22-fevralga mo‘ljallangan 600 dan ortiq falastinlik mahbusni qamoqxonalardan ozod qilishni kechiktirishga qaror qildi. Bu haqda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu devonxonasi ma’lum qildi.

Isroil tomoni ushbu qaror Falastinning HAMAS harakati G‘azoda garovga olingan isroilliklarni ozod qilish marosimlaridan voz kechmaguncha kuchda bo‘lishini aytdi.

HAMAS tomonidan bir necha bor sodir etilgan qoidabuzarliklar, jumladan, garovga olinganlarimizning sha’nini yerga uruvchi marosimlar va ulardan targ‘ibot maqsadlarida surbetlarcha foydalanilganligi sababli 22-fevral kuniga rejalashtirilganlarni ozod qilish keyinga surildi. Bu hol garovga olinganlarning navbatdagi ozod qilinishi kamsituvchi marosimlarsiz o‘tishiga ishonch hosil qilingunga qadar davom etadi, deyiladi bayonotda.

22-fevral kuni G‘azo sektorida HAMAS tomonidan garovga olinganlarni topshirish uch marta amalga oshirildi. Avval ikki kishi, so‘ng uch kishi, undan keyin yana bir kishi ozod qilindi. Shu kunning o‘zidayoq ularning barchasi Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi xodimlari orqali G‘azodagi Isroil harbiylariga topshirildi, shundan so‘ng ular Isroilga olib ketildi. Ulardan besh nafarining ozod etilishi maxsus marosimlar bilan kuzatildi. Garovga olinganlarga “ozodlik sertifikatlari” topshirildi. Faqatgina musulmon as-Sayidning topshirilishi e’lon qilinmay o‘tkazildi.

Ushbu olti nafar garovga olinganlarning ozod etilishiga javoban Isroil G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvga ko‘ra, kun davomida kamida 602 nafar falastinlik mahbusni, jumladan umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan 50 kishini ozod qilishi kerak edi. Biroq buni amalga oshirmadi.

Mahalliy vaqt bilan yarim tungacha HAMAS falastinlik mahbuslarni ozod qilish kechikayotgani sababli Isroilni G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvni “qo‘pol ravishda buzganlikda” aybladi. O‘z navbatida, harakat siyosiy byurosi a’zosi Suhayl al-Hindiy HAMASga aloqador Quds portaliga bergan izohida Isroil tomoni go‘yoki 50 kishiga nisbatan “ozod etilishi kerak bo‘lgan mahbuslar ro‘yxatiga o‘zgartirishlar kiritgani”ni ta’kidladi.

15-yanvar kuni Isroil va HAMAS G‘azoda garovda ushlab turilganlarni ozod qilish va anklavda o‘t ochishni to‘xtatish rejimini joriy etishga kelishib olgan edi. Uchta bosqichni o‘z ichiga olgan kelishuv 19-yanvar kuni kuchga kirdi. Birinchi bosqich 42 kun davom etadi, bu vaqt ichida HAMAS Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan falastinlik mahbuslar evaziga kamida 33 nafar garovga olinganlarni ozod qilishi kerak.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22320 | Инструменты