Huawei 1
Markaziy Osiyoda odam savdosi ko‘rsatkichlari pasaymayapti – BMT

Dunyo bo‘ylab odam savdosi qurbonlari soni COVID-19 pandemiyasi davrida vaqtinchalik pasayishdan keyin yana ortib bormoqda. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC) hisobotida aytiladi.

156 mamlakat ma’lumotlarini o‘z ichiga olgan yangi hisobot xavotirli tendensiyalarni ta’kidlaydi. Unga ko‘ra, 2019-2022 yillar davomida qurbonlar soni 25 foizga oshgan.

Ta’kidlanishicha, asosiy sabablar qashshoqlik, qurolli to‘qnashuvlar va iqlim inqirozi bo‘lib, odamlarni jinoyatchilar qarshisida zaif holga keltirgan. Ayniqsa, bolalarni ekspluatatsiya qilish va majburiy mehnatga jalb qilish holatlari ko‘paygani e’tiborga molik.

«Jinoyatchilar tobora ko‘proq odamlarni majburiy mehnatga, jumladan, murakkab onlayn firibgarlik va kiberjinoyatlarga jalb qilmoqda. Ayni paytda ayollar va qizlar jinsiy ekspluatatsiya va gender asosidagi zo‘ravonlik tahdidiga duch kelmoqda», dedi BMT Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ijrochi direktori Gada Vali.

Jinoiy tarmoqlar tepasida turganlarni javobgarlikka tortish, qurbonlarni qutqarish va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha mamlakatlar o‘rtasidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish uchun ta’qiblarni kuchaytirish kerak, deb qo‘shimcha qildi u.

UNODC ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda odam savdosiga yo‘liqqan bolalar soni 2019 yilga nisbatan 31 foizga, qizlar o‘rtasida esa 38 foizga oshgan.

«Qayerda ota-onasidan ajralgan yoki kattalar nazoratisiz qolgan bolalar ko‘p bo‘lsa, o‘g‘il bolalar odam savdosi bilan shug‘ullanuvchilar qo‘liga tushib qolish ehtimoli ko‘proq», deyiladi hisobotda.

Yuqori daromadli mamlakatlarda ham bolalar savdosi kuchaymoqda, ko‘pincha qizlar jinsiy ekspluatatsiyaga uchrayapti. Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, ayollar va qizlar butun dunyo bo‘ylab aniqlangan qurbonlarning aksariyatini yoki 61 foizini tashkil etadi. Qizlarning aksariyati - 60 foizi - jinsiy ekspluatatsiya qilish uchun odam savdogarlari tomonidan o‘z tarmoqlariga jalb qilingan.

O‘g‘il bolalarning 45 foizi majburiy mehnatga jalb qilingan bo‘lsa, 47 foizi boshqa ekspluatatsiya, jumladan, jinoiy faoliyat va tilanchilik bilan shug‘ullanadi.

Jinoiy faoliyatga jalb qilish maqsadida odam savdosi, shu jumladan onlayn firibgarlik ekspluatatsiyaning aniqlangan turlari orasida uchinchi o‘rinni egalladi. Bu ko‘rsatkich 2016 yildagi bir foizdan 2022 yilda sakkiz foizga oshgan.

Hisobot shuni ko‘rsatadiki, odam savdosi dinamikasi mintaqalar bo‘yicha farqlanadi.

Shimoliy Amerika, G‘arbiy Yevropa va Sahroi Kabirdan janubiy Afrikadagi mamlakatlarda aniqlangan holatlar sezilarli darajada oshgan bo‘lsa-da, Janubiy Amerika, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo kabi mintaqalar hali ham pandemiyadan oldingi darajadan past emas.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121200 | Инструменты