Huawei 1
Mozambikda siklon 100 ga yaqin kishini hayotdan olib ketdi

O‘tgan haftada Hind okeanidan quruqlikka chiqqan “Shido” sikloni Mozambikda 94 kishining hayotiga zomin bo‘ldi, deb xabar bermoqda mahalliy rasmiylar.

Xavf va tabiiy ofatlarni boshqarish instituti (INGD) 768 kishi jarohatlangani va 622 mingdan ortiq kishi tabiiy ofatdan u yoki bu darajada jabr ko‘rganini maʼlum qilgan.

“Shido” sikloni dastlab Fransiyaning Hind okeanidagi Mayotta oroliga zarba bergandi, keyin esa Mozambik, Malavi va Zimbabvega ko‘chgan.

Mozambik hududiga siklon 15 dekabr kuni yetib kelgan. Shamol tezligi soatiga 260 kilometrga chiqib, dastlabki 24 soatda 250 mm yog‘ingarchilik tushgan.

Mozambikning shimoliy viloyatlariga bo‘ron yopirilgan. U dastlab Kabo-Delgadoga zarba bergan, keyin mamlakat ichkarisiga, Niasu va Nampulu tomon harakatlangan.

INGD vakillariga ko‘ra, siklon taʼlim va sog‘liqni saqlash sektoriga taʼsir ko‘rsatmoqda. Jami 110 ming o‘quvchi o‘qiydigan maktablar infratuzilmasi jiddiy shikastlangan.

Institut xabarida aytilishicha, 50 dan ortiq sanitar obyekt zararlangan, bu esa sog‘liqni saqlash sohasidagi asosiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini yana-da qiyinlashtirmoqda. Vaziyat siklonga qadar ham tibbiy muassasalar faoliyati yaxshi bo‘lmagan hududlarda og‘irlashmoqda.

Mozambikdagi hukmron partiya vakili Daniel Chapo mahalliy nashrlar bilan suhbatda hukumat siklon oqibatlariga qarshi kurashish uchun «barcha darajalar»da safarbarlik eʼlon qilganini bildirgan.

“Shido” Mayotta arxipelagining so‘nggi 90 yillik tarixida kuzatilgan eng jiddiy bo‘ronga aylanib, uning natijasida o‘n minglab kishilar jabrlangan.

Fransiya ichki ishlar vazirligi o‘zining so‘nggi bayonotida 35 kishi o‘limini tasdiqlagan.

Mayotta prefekti oldinroq mahalliy nashrlarga zararni to‘liq baholashdan keyin qurbonlar soni sezilarli darajada ortishi mumkinligini maʼlum qilib, bu raqam bir necha yuz kishidan kam emasligi va hatto mingdan oshishi mumkinligidan ogohlantirgandi.

Mahalliy aholiga yordam ko‘rsatish uchun 1300 nafar politsiyachi yuborilgan.

Siklondan bir hafta o‘tganidan keyin ham aholi hamon birlamchi zarur mahsulotlardan foydalanish imkoniga ega emas, ammo poytaxtni ichimlik suv bilan taʼminlash asta-sekin yaxshilanmoqda.

Vazirlik vakillariga ko‘ra, har kuni Fransiyaning materik qismi, Reyunon va Mayotta oralig‘idagi havo ko‘prigi orqali 100 tonna qurilma tashib o‘tilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122321 | Инструменты