AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp mamlakat Panama kanalini qaytarib olishi bilan tahdid qilgandi. Panama prezidenti Xose Raul Mulino bunga javob qaytardi.
Mulinoning so‘zlariga ko‘ra, kanal Panamaga tegishli va mamlakat tarixining bir qismidir. Siyosatchi mamlakat mustaqilligi bilan suverenitet muzokara mavzusi bo‘lishi mumkin emasligini aytdi.
Panama kanalining har bir metri Panamaga tegishli va shunday bo‘ladi. Mamlakatimiz suvereniteti va mustaqilligi muhokama mavzusi bo‘lishi mumkin emas, dedi Mulino.
Bunga javoban Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida kinoyali tarzda “Ko‘ramiz” va “AQSH kanaliga xush kelibsiz” deb yozdi.
Panama kanali xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan eng muhim transport suv yo‘llaridan biri hisoblanadi. U butunlay Panama hududida joylashgan bo‘lib, Panama Tinch okean ko‘rfazini Karib dengizi va Atlantika okeani bilan bog‘laydi. Kanal AQSHda qurilgan va 1914-yilda foydalanishga topshirilgan. Amerika ma’murlari dengiz yo‘li ustidan nazoratni 1999-yil 31-dekabrgacha saqlab turgan, shundan so‘ng u Panama hukumatiga o‘tkazilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Panama shlyuzlaridan o‘tayotgan yuklarning asosiy qismi Qo‘shma Shtatlarga tegishli. 2024-yilda Amerika kemalari kanal orqali 160 million tonna yuk tashigan, bu kanal mijozlari umumiy sonining to‘rtdan uch qismini tashkil etgan. Ikkinchi o‘rinda Xitoy turadi. Uning kemalari 45 million tonna yuk tashigan. Keyingi o‘rinlarda Yaponiya (30 million) va Janubiy Koreya (19 million) joylashgan.
Bundan oldin Donald Tramp agar Amerika kemalari uchun tranzit bojlari pasaytirilmasa, Panama kanalini Vashington nazoratiga qaytarish bilan tahdid qilgandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122319 | Инструменты