Suriyada o‘tish davri prezidenti etib saylangan Ahmad ash-Sharoa xalqqa qilgan ilk murojaatida mamlakat hududiy yaxlitligini tiklash va yangi hukumatni shakllantirish ustida ish olib borilayotganini e’lon qildi.
Ahmad ash-Sharoa yangi hukumat barcha suriyaliklar, jumladan, ayollar va yoshlar manfaatlarini himoya qilishini ta’kidladi. Shuningdek, u hukumatning asosiy maqsadlaridan biri korrupsiya va poraxo‘rlikdan xoli davlat institutlarini yaratish ekanini bildirdi.
“Biz oldinda turgan ustuvor vazifalarga e’tibor qaratamiz. Ular qatorida mamlakat hududiy yaxlitligini tiklash, butun Suriyani yagona hokimiyat ostida birlashtirish va davlat boshqaruvini mustahkamlash asosiy o‘rin tutadi,” — dedi ash-Sharoa.
Asad hokimiyatdan ketishi va Rossiya bilan kelishuvning bekor qilinishi
2024-yil 8-dekabrda “Hay’at Tahrir ash-Sham” guruhi Suriyada hokimiyatni qo‘lga oldi. Shu voqealardan so‘ng, Suriya prezidenti Bashar Asad iste’foga chiqdi va oilasi bilan Rossiyaga qochdi. Moskva unga siyosiy boshpana berdi.
2025-yil 22-yanvarda yangi Suriya hukumati Rossiya bilan Tartus porti bo‘yicha imzolangan kelishuvni bekor qildi.
Avvalroq Suriyaning yangi hukumati Rossiyadan Asadni ekstraditsiya qilishni talab qilgani haqida xabar bergan edik. Rossiya delegatsiyasi bilan muzokaralarda Suriyaning yangi rahbarlari “tovon puli” va “o‘tmishdagi xatolarni tuzatish” masalasini ko‘tardi. Talablardan biri u yerdan qochib ketgan Bashar al-Assadni Rossiya Federatsiyasiga ekstraditsiya qilish edi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 13113 | Инструменты