Huawei 1
O‘zbekiston Afg'oniston bilan “Hayraton – Mozori-Sharif” temiryo‘li bo‘yicha shartnomani uzaytiradi

Prezidentning doimiy ravishda qo‘shni mamlakatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lida olib borayotgan oqilona siyosatining samarasi o‘laroq 2025-yil 21-23-yanvar kunlari Toshkent shahrida Afg‘oniston Jamoat ishlar vazirining temir yo‘l masalalari bo‘yicha o‘rinbosari M. I. Sohibzoda boshchiligidagi delegatsiya bilan samarali uchrashuvlar tashkil etildi.

O‘zbekiston Transport vaziri Ilhom Mahkamov boshchiligida o‘tkazilgan uchrashuvda afg‘on tomoni bilan transafg‘on temir yo‘l qurilish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish yuzasidan fikr almashildi va tomonlar kelgusi ishlarni tashkil etish bo‘yicha kelishib oldilar.

Shu bilan birga, ikki davlat temir yo‘l ma’muriyatlari o‘rtasida faol hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida "Hayraton – Mozori-Sharif" temir yo‘lidan foydalanish va unga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnomani uzaytirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Bunda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning “Sogdiana trans” MChJ “Hayraton – Mozori-Sharif” temir yo‘liga xizmat ko‘rsatuvchi operator sifatida saqlanib qoladi.

Eslatib o'tamiz, bundan oldin O‘zbekiston Afg‘onistonning Naibobod temiryo‘l stansiyasining ta’mirlash ishlarini yakunlagan edi.  "Hayraton – Mozori Sharif" temiryo‘lining bir qismi bo‘lgan ushbu stansiyani qo‘shni davlatlardan tijorat tovarlarini tashish uchun mintaqaviy chorrahaga aylantirish rejalashtirilgan. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 12722 | Инструменты