Huawei 1
Avtomobilni takroran mast holda boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda

24-yanvarda bo‘lib o‘tgan Senatning uchinchi yalpi majlisida “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi  qonun ham ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, Jinoyat kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish orqali transport vositasini takroran mast holda boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Bundan tashqari, Jinoyat kodeksida transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarganlik uchun ham jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. 

Foto: Oliy Majlis Senati matbuot xizmati

Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda transportda bezorilik, yaʼni ayrim haydovchilar tomonidan boshqarish madaniyatiga rioya qilmay, transport vositasini keskin boshqarish va boshqa harakatlarda ifodalangan “agressiv boshqarish”, “drift”, “shaxmat” shaklida harakatlanish, yo‘llarda to‘siqlarni paydo qilish kabi qoidabuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda.

Bundan tashqari, qonun bilan jarima ballari hisoblangan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy jazo qo‘llash kabi javobgarlik belgilanmoqda. Yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha hisoblanadigan jarima ballari belgilangan miqdordan oshganligi uchun maʼmuriy jazo qo‘llanilganda haydovchilik huquqidan mahrum qilishning eng kam miqdori olti oydan kam bo‘lmasligi nazarda tutilmoqda.

Muhokamadan so‘ng qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Eslatib o'tamiz, bundan oldin Senat huquq-tartibot xodimlari videolarini "obro‘sizlantirish maqsadida" tarqatishni taqiqlovchi qonunni maʼqullagani haqida xabar bergan edik. Qonunga ko'ra, “Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha xizmat vazifalarini bajarayotgan paytda olingan foto – va (yoki) videotasvirni ularni obro‘sizlantirishga olib keladigan tarzda buzib tarqatish, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish” uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda.

Maqola muallifi: I. Farhodova

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 12423 | Инструменты